YPX inspektorini haqorat qilib, qarshilik ko‘rsatgan haydovchi 15 sutkaga qamaldi

Koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatimizda karantin e’lon qilingan. Shu sababli fuqarolarga yashash xonadonlaridan maqsadsiz ko‘chaga chiqmaslik va zarurat bilan chiqilganda, tibbiy himoya niqobida bo‘lishlari talab etilmoqda.

Bu jarayon barchamizdan, ayniqsa, YPX xodimlaridan katta mas’uliyat talab etmoqda. Yo‘llarda transport vositalari ham maxsus ruxsatnoma bilan harakatlanishi talab etilyapti.

Ammo yurtdoshlarimiz orasida tartib-qoidalarni pisand qilmaydigan ayrim haydovchilarning borligi achinarli hol.

Bugun, 10 aprel kuni Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan harakatlanib kelayotgan 30 J 727 OA davlat raqam belgili "Lasetti" avtomashinasi to‘xtatib tekshirilganda, karantin qoidalarini buzgan transport vositasi haydovchisi YPX inspektorining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, unga keskin qarshilik ko‘rsatadi.

Shuningdek, og‘ziga kelgan turli nomaqbul so‘zlar bilan ichki ishlar xodimini haqorot qiladi.

Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur huquqbuzarning ushbu ishi ma’muriy chora ko‘rish uchun sudga jo‘natildi.

Sud tomonidan huquqbuzarga “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 194 moddasi 1-qismi, 195-moddalari qo‘llanilib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.