JSST: Koronavirus endi yangi alomatlar bilan namoyon bo‘lmoqda
Pandemiya mavzusi keyingi haftada yana kun tartibiga chiqdi. Chunki koronavirus mutatsiyaga uchrashda davom etyapti. Oqibatda dunyo bo‘ylab “omikron”ning BA.4, BA.5, BA.2.12.1 versiyalari keng tarqalmoqda.
Hatto o‘tgan oyda Hindistonda aniqlangan BA.2.75 subvarianti qisqa muddatda o‘nga yaqin davlatga kirib bordi. Albatta, bularning barchasi jahonda COVID-19ni yuqtirganlar soni kun sayin oshishiga sabab bo‘lyapti.
Ana shunday murakkab epidemiologik vaziyatda dunyo olimlari xastalikni jilovlash uchun yangi tadqiqotlar olib bormoqda. Ma’lum bo‘lishicha, endi isitma yoki hid va ta’m bilish qobiliyatining yo‘qolishi koronavirus infeksiyasiga xos asosiy belgilar emas.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maxsus vakili Devid Nabarro bu haqda to‘xtalar ekan, ayni paytda tomoq va bosh og‘rig‘i hamda burun bitishi yangi mutatsiyalarning yetakchi alomatlari sifatida namoyon bo‘layotganini qayd etdi.
“Hozir SOVID-19 juda “aqlli” virusga aylanmoqda, - deydi u. - Shu sababli unda inson immunitetiga “chap berish” xususiyati rivojlanyapti. Bu esa kasallanishlar soni ortishiga xizmat qilyapti”.
Shunga qaramay, mutaxassislar koronavirusga qarshi vaksinalar yangi mutatsiyalarning bemorlarda yengil va asoratsiz o‘tishini ta’minlaydi, degan fikrda.