Kadastr hujjati ham kartaga joylanadi
Smart karta shaklidagi kadastr pasportining yangi namunasi joriy etilarkan. Bu qanday qulayliklarga ega va avvalgi pasportdan qanchalik afzal?
B.XURRAMOV,
Past Darg‘om tumani.
Smart karta shaklidagi kadastr pasportining yangi namunasi - uy xaridi vaqtida ishonch komil bo‘lishi uchun xavfsiz va zamonaviy yechim. Ya’ni, uy xarid qilishda firibgarlikning oldini olishda ham eng maqbul chora hisoblanadi.
Bugungi kunda har qanday sohada texnologiya o‘z so‘zini aytmoqda. Endi kadastr sohasi ham bundan mustasno emas. Sohada zamonaviy innovatsion yechimlar joriy etilmoqda. Buning yorqin misoli, maxsus NFS texnologiyali mikrochipga ega smart, ya’ni aqlli karta shaklidagi kadastr pasportidir.
Yangi namunadagi kadastr pasportining afzalligi - barcha kadastr ma’lumotlari bir joyda yagona ma’lumotlar bazasida saqlanadi. Smart karta ichidagi ma’lumotlar onlayn ravishda, bazaga ulangan holda ko‘riladi:
- barcha kadastr ma’lumotlari bir joyda, tartibli, qulay shaklda, to‘liq ravishda joy oladi;
- uy-joy bilan bog‘liq barcha kadastr ishlari doimiy ravishda elektron qayd etib boriladi va elektron kadastr tarixi vujudga keladi;
- axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xavfsizligi yuqori saviyada tashkil qilinadi;
- notarial idoralarda uy-joyni rasmiylashtirish vaqtida hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayoni sezilarli ravishda yengillashadi.
- smart karta yo‘qolib qolgan yoki yaroqsiz holga kelganda, masofadan turib bloklanadi va qisqa vaqt ichida yangi kadastr pasporti taqdim etiladi;
- geoportal bilan integratsiya natijasida uy-joyning geografik maydoni va chegarasi to‘g‘risida o‘ta aniq ma’lumot smart kartadan joy oladi;
- maxsus mobil ilova orqali kadastr pasporti ma’lumotlarini ko‘rish imkoni yaratiladi. Buning uchun smart kartani telefonga yaqinlashtirish kifoya.
Maxsus NFS texnologiyasiga ega mikrochipli smart karta keng imkoniyatlarga ega. Tez orada uy-joy bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan kommunal, soliq, ipoteka va sug‘urta xizmatlarini smart karta orqali ishlatishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Azamat NIShONOV,
viloyat Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi matbuot xizmati.