Kadrlar sohasiga mas’ul rahbarlarning bilim, tajriba va salohiyati qanday?
Samarqand shahrida shu mavzuda o‘quv-seminar tashkil etildi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan “Inson resurslarini boshqarishda dolzarb vazifalar” mavzusidagi mazkur respublika o‘quv-seminarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi markaziy va hududiy filiallari mas’ul vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari O.Hasanov, viloyat hokimi E.Turdimov va boshqalar mamlakatimizda kadrlar sohasida olib borilayotgan davlat siyosati, davlat boshqaruv organlarida professional, adolatli va yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan tizimni joriy qilish uchun ma’muriy islohotlarning dolzarbligi, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi yangiliklar, shuningdek, inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish yo‘nalishidagi islohotlar haqida so‘z yuritdi. Yaqinda kuchga kirgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati, zamonaviy rahbar qiyofasi va davlat xizmatchilariga qo‘yilayotgan talablar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.
Seminarda davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish, davlat fuqarolik xizmatchilarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Ishtirokchilarining shaxsiy rivojlanishlarini ta’minlash maqsadida malakali mutaxassislar tomonidan “Self-menejment: shaxsiy samaradorlikni oshirish” hamda “Liderlik va samarali jamoani shakllantirish” mavzularida seminar trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Muhokama etilgan mavzular bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Konstruktiv ruhda o‘tgan o‘quv-seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Samarqandga safari davomida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyati tomonidan hududiy boshqarmalarning kadrlar xizmatiga mas’ul rahbar va xodimlari ishtirokida “Xalqchil davlat xizmatiga ochiq yo‘l” mavzusida uchrashuv, Samarqand davlat universiteti bitiruvchi bosqich talabalari bilan “Zamonaviy kadrlar tayyorlash, iqtidorli yoshlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bandligini ta’minlash istiqbollari” mavzusida ochiq muloqot, shuningdek, “Kelajak liderlari” klubiga a’zo yosh davlat xizmatchilari, talabalar hamda viloyatning faol, iqtidorli yoshlari bilan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirlarda davlat boshqaruvi, xalqchil davlat xizmati, davlat xizmatchisi, yangi avlod zaxira kadrlari tushunchalari mohiyati hayotiy misollar yordamida ochib berildi. Bugungi kunda davlat xizmatchisidan Vatanga sadoqatli, halol va adolatli bo‘lish, fidoyilik bilan xalqqa xizmat qilish, o‘zini muntazam ravishda rivojlantirib borish talab etilishi ta’kidlandi.
Seminarda sohaga oid qator masalalar, muhim mavzularda treninglar tashkil etildi. Fikr-mulohazalar almashildi, zarur takliflar ishlab chiqildi.