“Kamalak Invest” korxonasi elektr energiyasidan qanday foydalanyapti?
![](https://static.zarnews.uz/crop/c/8/720__80_c80e21a051a031e958abd0c06f03bf93.jpg?img=self&v=1739534252)
Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.Aminov hamda elektr energiyasi va tabiiy gaz idoralari mutaxassislari Past Darg‘om tumanidagi qishloq xo‘jaligi sohasiga oid ishlab chiqarish korxonalari va issiqxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Dastlab, 1800 kilovattli quyosh panellari o‘rnatilayotgan, natijada yiliga 3 million kilovatt elektr energiyasini iqtisod qilinish rejalashtirilayotgan “Kamalak Invest” MChJ korxonasida bo‘lib, u yerdagi ish jarayoni, mahsulotlar sifati, ishchi xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Shuningdek, tumandagi kommunal soha tashkilot va korxonalari mas’ullari ishtirokida, tumanda energetika tizimini yanada yaxshilash, energiya resurslarini talon-toroj etilishining oldini olish, energiya bo‘yicha sodir bo‘layotgan o‘g‘irliklarni fosh qilish hamda energiya samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratish kabi masalalar bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.
Shundan so‘ng "Mamatqul invest" MChJga qarashli 1,5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonada bo‘lib, uning isitish tizimi ko‘zdan kechirildi. Zamonaviy gidroponika usulida pomidor yetishtiriladigan mazkur issiqxonada 30 nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlangan bo‘lib, uning yillik aylanma mablag‘i 2,5 milliard so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, ushbu issiqxonada 3 xil yo‘l bilan, ya’ni ko‘mir, gaz va dizel yonilg‘ilari orqali isitish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda bu issiqxona faoliyati to‘xtamasligiga samarali xizmat qilmoqda. Sh.Aminov mutasaddilar va tadbirkorlarga o‘z ko‘rsatma hamda tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, yaqin kunlarda aynan ushbu issiqxonada viloyatimizdagi yirik issiqxonachilar va mas’ullar ishtirokida ko‘rgazmali seminar o‘tkazilishi hamda "Past Darg‘om namunasi" joriy etilishi belgilandi.