Kamharakatlik xotira susayishiga sabab bo‘ladi

SSV matbuot xizmati xotira susayishi bilan bog‘liq savollarga javob olish maqsadida tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor G‘ofurovga murojaat qildi:

— Olimlar tomonidan xotirani o‘rganish borasida olib borilayotgan elektrofiziologik, biokimyoviy, gistokimyoviy, biofizikaviy tadqiqot ishlariga ko‘ra, kiritilayotgan yangiliklar fan va texnikada ulkan yutuqlarga olib kelayotgan bo‘lsa-da, miya faoliyati, jumladan, xotirani o‘rganishning juda ko‘p jihatlarida uchrayotgan muammolar yechimsiz qolmoqda. Aslida xotiraning kuchi, unda ma’lumotlarning saqlanish muddatlari, qayta tiklanib, ma’lum xulosa va tushunchalarga olib kelishida har kimning nasldan-naslga o‘tuvchi genetik dasturlangani o‘ziga xos muhim ahamiyat kasb etadi. Shunga muvofiq, teng yoshdagi kishilarning biri eshitgan, ko‘rgan narsalarini uzoq vaqt yodida saqlab qolsa, o‘qigan she’rlarini tez yodlab ola bilsa, til o‘rganishga chechan bo‘lsa, boshqasida bunday qobiliyatlar kuchsizroq bo‘ladi.

Yosh ortib borishi bilan xotira susayishi turlicha shaklda kechishi mumkin.

Masalan:

📌 dismneziya (esda saqlab qolishning buzilishi);

📌 amneziya (oldin bilgan narsalardan ayrim fragmentlarning yo‘qolishi);

📌 demensiya (miyada qon aylanishining buzilishi bilan zehnning pasayishi);

📌 Alsgeymer (xotiraning yo‘qolib, odam o‘z uyi, yaqin kishilarini taniy olmasligi, ismi-sharifini ham esdan chiqarib qo‘yishi);

📌 Parkinson (mushaklar tarangligi, harakatning kamayishi, qo‘l-oyoq titrashi, nutqning buzilishi).

Yuqoridagi singari noxush holatlarning oldini olishda jismoniy faollik, sog‘lom ovqatlanish va miyani mashq qildirib turish muhim ahamiyat kasb etishi ko‘pgina tadqiqotlarda isbotlangan.

Xotira va u bilan bog‘liq jarayonlar nerv hujayralari va ulardan tashkil topgan nerv yadrolari faoliyati hisoblanib, ushbu vazifa qayd qilingan hujayralarning kislorod va tegishli oziq moddalari bilan ta’minlanish darajasiga bog‘liq. Agar bu borada muammo bo‘lmasa, ular o‘z faoliyatini bemalol bajaraveradi.

Ma’lum sabablarga ko‘ra, masalan, bosh miya qon tomirlarining torayishi yoki ularda qon yetarli harakat qilmasa (masalan, davomli kamharakatlilik, ya’ni gipodinamiya, kuchli asabiylashish tufayli qon tomirlari toraysa yoki ularning yosh bilan bog‘liq elastikligi kamaysa), nerv hujayralariga yetarli kislorod, oziq moddalar yetib bormaydi va unda hosil bo‘lgan moddalar almashinuvi mahsulotlari – karbonat angidrid, azot birikmalari o‘z vaqtida chiqarib yuborilmaydi. Bu hol nerv hujayralari faoliyatini, xotirada saqlash kabi murakkab psixofiziologik jarayonlarni yomonlashtiradi.

Uyqudan turganda xotira bilan bog‘liq funksiyalar, masalan, biror voqea-hodisani aniq va ravshan aytib berish, tasvirlash ancha qiyin bo‘ladi. Sababi, odam uzoq vaqt qimirlamasdan to‘shakda yotganida miyaga qon borishi kamayadi, shu bois nerv hujayralaridan iborat nerv markazlari ishida susayish kuzatiladi. Kishi o‘rnidan turib harakat qila boshlagach (badantarbiya, yuvinish singarilar), miyada qon aylanishi me’yoriga kelib, voqea-hodisalar batafsilroq esga tushadi.

Uyqudan keyin aqliy qobiliyat ma’lum darajada kuchayishining sababi ham miyada qon aylanishining dam olganidan keyin yaxshilanishidir.

Shuning uchun har kim (yoshi, jinsi, kasbini hisobga olgan holda) ma’lum jismoniy faollikni kanda qilmasligi muhim.