Kattaqo‘rg‘on shahrida respublikada ilk tajriba sifatida viloyat kardiologiya markazining filiali ochiladi

Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-sonli oilaviy poliklinikasiga ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatish uchun tashrif buyurgan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Xurshid Fozilov va bir guruh soha mutasaddilari shaharda ushbu markazning filialini tashkil etish bo‘yicha fikr almashdi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova bilan suhbat ham shu xususda bo‘ldi.
Kattaqo‘rg‘on shahar filiali sifatida ushbu markaz demografik joylashuvi bo‘yicha oltita, ya’ni Kattaqo‘rg‘on shahri, Narpay, Paxtachi, Ishtixon, Nurobod hamda Kattaqo‘rg‘on tumaniga, jami 600 ming aholiga xizmat ko‘rsatish orqali kardiologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash imkoni yaratiladi. Yana bir muhim tomoni, filialda ishlash uchun viloyat hamda Respublika kardiologiya markazining yetuk va malakali mutaxassislari jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Xurshid Fozilov markazga bugungi kunda aholi o‘rtasida eng ko‘p uchrayotgan yurak-qon tomiri kasalliklarini aniqlashda muhim bo‘lgan vosita bo‘lgan angiograf tekshiruv apparati ham berilishini aytib o‘tdi.

Shu kuni ilmiy tekshirish institutining hamda viloyat kardiologiya shifoxonasining malakali mutaxassislari tomonidan 1-sonli oilaviy poliklinikada kam ta’minlangan oilalardan yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj bo‘lgan bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tazildi.
Tibbiy ko‘rik natijasida 51 nafar bemorlarning 36 nafariga ambulator, 15 nafariga statsionar sharoitda shifoxonada davolanishga, 14 nafariga esa yuqori texnologik operatsiya o‘tkazilishiga tavsiya berildi.