Kattaqo‘rg‘onda aybdor bog‘cha mudiralari jarimaga tortildi
Mutasaddilar tomonidan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida ish beruvchilar tomonidan xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzish chog‘ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etganlik amaliyoti tahlil qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta’lim muassasasiga qarashli 2 hamda 4-son maktabgacha ta’lim muassasalarida xodimlar har olti oy davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi, tibbiy ko‘rik xarajatlarini o‘z hisoblaridan amalga oshirganliklari aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 214-moddasida «tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmaydilar» deb belgilangan.
Bayon etilgan holatlar hamda o‘rganishda to‘plangan hujjatlarga asosan, Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta’lim muassasasiga qarashli 2-sonli hamda 4-sonli maktabgacha ta’lim muassasalari mudiralari M.Hasanova va M.Sultonovalarning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi 1-qismida ko‘zda tutilgan (Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, ya’ni mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi) huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi bois, to‘plangan hujjatlar mazkur shaxsning ma’muriy javobgarlik masalasini vakolat doirasida ko‘rib chiqishlik uchun tuman Bandlikka ko‘maklashish markaziga yuborilgan.
Tuman Bandlik markazidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, har ikkala muassasa rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi talablarini buzganligi uchun eng kam oylik ish haqqining ikki barobari miqdorida jarimaga tortilib, qat’iy ogohlantirilgan.