Kattaqo‘rg‘onlik kutubxonachi - respublika tanlovi g‘olibi
"INFOLIB O‘ZBEKISTON - 2024" XIII Milliy axborot - kutubxona haftaligi nihoyasiga yetdi.
Uning doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimidagi axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi axborot-kutubxona mutaxassisi” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichi o‘tkazildi. Tanlovda Kattaqo‘rg‘on shahri axborot-kutubxona markazi mutaxassisi Nilufar Inatullayeva ikkinchi o‘rinnni egallab, 36 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
- Tanlovning viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallaganimda menda hayajon va hadik juda kuchli edi, - deydi Nilufar Inatullayeva. – Sababi, oldinda butun bir viloyatimiz sha’nini himoya qilishim kerak edi. Respublika bosqichida ham g‘olib bo‘lishimga ustozlarim katta ishonch bildirdi. Shu ishonchni oqlash uchun ham harakat qildim. Tanlov shartlari ko‘p va oson emasdi. Tunlarni bedor o‘tkazib, tayyorgarlik ko‘rdim. Bolalikdan kitobga qo‘ygan mehrim, kutubxonachilikda orttirgan tajribam, ustozlar ko‘magi, duosi va maslahatlari hamda qisqa vaqt ichidagi tinimsiz tayyorgarlik tufayli g‘oliblar safidan joy oldim.
Shuningdek, haftalik doirasida davra suhbatlari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, kitob taqdimotlari, turli mahorat darslari, tanlov hamda intellektual o‘yinlardan iborat 30 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi.
“Yangi O‘zbekiston kutubxonachilari – yangi kuch, yangi imkoniyatlar, yangi marralar!” shiori ostidagi yosh kutubxonachilar forumi doirasida tashkil etilgan "Siz haqingizdagi kitob muqovasi tasavvuringizda" rasmlar tanlovida viloyat axborot-kutubxona markazi xodimi Madina Salohitdinova Milliy kutubxonaning I darajali diplomi va esdalik sovg‘asini qo‘lga kiritdi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Husan ELTOYeV (foto).