Kecha “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayol, bugun katta tadbirkor

Oqdaryo tumanidagi Pichoqchi mahallasini yong‘oqchilar mahallasi, deb aytishadi. Chunki bir necha yildirki, mahalla ahli yong‘oq chaqib, shu orqali daromad qiladi, pichoqchilik tadbirkorlar bu mahsulotni xorijga eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

Mahallada faqat yong‘oq oldi-sotdisi amalga oshiriladigan bozorcha ham mavjud. Bu yerda yurtimizning turli hududlaridan yong‘oq keltirib sotiladi va olib ketiladi.

Keyingi yillarda mahallada avtomashina o‘rindiqlari uchun jild tikish ham asosiy faoliyat turlaridan biriga, hozirgi tilda aytganda, drayverga aylandi.

Bahodir Ergashev boshlagan ushbu tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xonadonlar bugun uchtaga yetdi va ularda yuzga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda.

Nargiza Qurbonova ham dastlab ushbu tadbirkorda tikuvchi bo‘lib ishlab, keyinchalik o‘zi xonadonida jild tikishni yo‘lga qo‘ygan.

– 2021 yilda mahalla tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgandim, – deydi Nargiza Qurbonova. – Mahalladagi hokim yordamchisi va xotin-qizlar faoli agar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsam, imtiyozli kredit berilishi haqida aytishganida, tavakkal qilib, 30 million so‘m kredit oldim-u 3 ta tikuv mashinasi va xomashyo xarid qilib, ish boshlaganman. Ungacha bu ishni ancha-muncha o‘rganib olgandim. Tayyor mahsulotga xaridor aniq, uydan kelib olib ketishardi. Keyin sekin-asta ishlarimiz yurishib, buyurtmalarimiz ko‘paydi. Mashinkalarni ko‘paytirdim, mahallamizdagi ishsiz ayollarni yonimga olib, ularni ish bilan ta’minladim. Hovlimizda qo‘shimcha qurilish qilib, ikki qavatli ustaxona qurdik. Hozir sakkiz nafar ishchimiz bor. Turmush o‘rtog‘im va farzandlarim ham yordam berishadi. Endi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ishlayapmiz.

Tadbirkor o‘tgan yil faoliyatini kengaytirish maqsadida 50 million so‘mga zamonaviy uskuna xarid qilib, avtomobillar saloni uchun yana bir butlovchi buyum ishlab chiqarishni boshladi.

– Mahallamizdagi 7400 aholining 3425 nafari ayollar, – deydi Pichoqchi mahallasi xotin-qizlar faoli Zarifa Tursunmurodova. – Ularning aksariyati uyida band, yong‘oq chaqib, mag‘zini eksportyor tadbirkorlarimizga sotadi. Shuningdek, uchta xonadonda avtomobillar uchun jild tikiladi. Masalan, Bahodir Ergashevning xonadonida 56 nafar, Nargiza Qurbonovanikida 8 nafar ayol ishlaydi. Bundan tashqari, uyida kasanachi sifatida ishlab, bu tadbirkorlarga tayyor mahsulotni solish uchun maxsus sumkalar tikib berayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Nargizani ham “Ayollar daftari”dan chiqarish uchun unga kredit olib berishda ko‘maklashgandik. O‘z yashash xonasida ish boshlagandi, mana, faoliyatini yo‘lga qo‘yib, tikuvchilik bilan shug‘ullanish uchun katta bino qurib oldi, zamonaviy tikuv mashinalari va dastgohlar oldi. Endi uning o‘zi ham “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlayapti. Yana bir mahalladoshimiz Lobarxon Nurullayeva ham o‘tgan yil “Ayollar daftari”ga kiritilgach, 25 million so‘m kredit olib, zamonaviy pech va boshqa vositalarni sotib olib, tort, har xil pishiriqlar tayyorlash, non ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Yana uch nafar ayolni ish bilan ta’minladi.

Ayrim kishilar qo‘lida hunari yoki biror kasbga layoqati bo‘lsa-da, uni ishga solib, tadbirkorlik qilishga, shu orqali daromad topishga ikkilanadi. Lobarxon va uning turmush o‘rtog‘i Eldor esa imtiyozli kredit evaziga zarur uskunalarni xarid qilib, buyurtma asosida tort tayyorlash va qolipli non pishirib sotishdan cho‘chimadi. Hozirda mahalla va yaqin atrofdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qolipli non yetkazib beryapti. Tomorqadagi ikki sotixli issiqxonada parvarishlanayotgan limondan ham har yili 500-600 kilogramm hosil olib, ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad bo‘layotganini ta’kidlaydi.

– “Ayollar daftari”ga kiritib, imtiyozli kredit taklif qilishganida turmush o‘rtog‘im bilan kelishib, ushbu pech va unga zarur boshqa vositalarni sotib olib, tadbirkorlik faoliyatini boshladik, – deydi Lobarxon Nurullayeva. – Qisqa vaqtda ishni yo‘lga qo‘yib oldik. Mahalladoshlarimiz buyurtmalari asosida tort va pishiriqlar tayyorlab beramiz, to‘rtta bog‘chaga qolipli non tarqatyapmiz. Oyiga o‘rtacha 4-5 million so‘m daromad qilyapmiz. Bundan tashqari, tomorqadan foydalanamiz, issiqxonamiz, chorva molimiz bor. Ishimiz rivojlanaversa, keyinchalik faoliyatimizni kengaytiramiz, tadbirkor sifatida ishlash niyatimiz bor.

Zarifa Tursunmurodovaning ta’kidlashicha, bu yil mahalladagi 98 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilib, ularning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashiladi. Bunda ularni mavjud ish o‘rinlariga joylashtirish bilan birga xonadonida kasanachilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishi va tomorqada mehnat qilishi yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun belgilangan tartibda yordam beriladi. Xususan, mahalladagi ishsiz xotin-qizlarning asosiy qismini ipak qurti boqishga jalb qilish rejalashtirilgan.

G‘olib Hasanov.