Kecha “oq qamalda qolgan” yoki "uyda o‘tirgan" ayol bugun islohotlarda qayta sayqal topgan “gavhar”ga aylandi

Mustaqillik... Uning qadrini, istiqloldan oldin yashagan, sobiq tuzumning og‘ir kunlarini bevosita o‘z tanida his qilganlar yaxshiroq anglaydi. “Gugurt bir tiyin edi” degan illyuziyalar hukm surgan o‘sha davrlarda inson qadr-qiymati ham shundan ortiq emas edi.
Tarix ko‘zgusidagi aks: Barcha yo‘llar paxta dalasiga eltadi...
Sobiq Ittifoq davrida qishloq ayolining mavqei “kolxoz ishchisi” degan taqdir bilan belgilabqo‘yilgan edi. O‘sha yillarda qishloq ayolini hamma yo‘llar bir nuqtaga - paxta dalasiga olib borardi. Davlat siyosatida “paxta rejasi” birinchi o‘rindaturgani sababli ayolning salohiyati uning ichkipotensiali bilan emas, balki sentnerlar bilan: kunlik rejani bajarishi, “norma”ni topshirishibilan baholanardi.
“Ura-ura”chilikka asoslangan targ‘ibotlar ham asosan ayollarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilish, ishlab chiqarish ilg‘orlarini namuna qilishga yo‘naltirilgan edi. ”Paxta maydonlari - mardlar makoni” degan shior ostida xotin-qizlar og‘ir mehnatga safarbar qilinib: ayollar, “15 ming kilogrammchi”, “10 tonna teruvchi”, “rejani ortig‘i bilan bajaruvchi”, “zarbdor” va boshqa nomlar ostida kommunistik partiyaning niqoblangan siyosati ostida “fidoyilik”ka majbur etilardi. Shu tariqa, qishloq ayollarining umri, ularning orzulari - paxtazordagi “oq qamal” girdobida so‘nib ketardi.
1989 yilda yozuvchi Odil Yoqubovning sho‘rolar saltanatini larzaga solgan mashhur nutqida ham o‘sha davr fojiasi aks ettirilgan edi: “Xo‘sh, ularning turmushi qay holatda? Ularning turmushi shundayki, paxtakor ayollar qosh qorayganidan keyin daladan uylariga qaytib, o‘sha almisoqdan qolgan iflos tezakni o‘choqqa qalab, bolalariga obi-yovg‘on pishiradilar. Ana shu misdek qorayib ketgan, nimasi bilandir kuyib ketgan qayinlarni eslatuvchi ayollarni ko‘rganimda ko‘zimda yosh qalqiydi, ularda ayollik nazokati-yu nafosatidan asar ham qolmagan, na qaddi-qomatu va na sumbat bor. Ko‘zlarida g‘am-kulfat, hasrat-nadomat alomatlari sezilib turibdi”.
Albatta bu voqelikni bugun to‘kis sharoitlarda kamol topayotgan, zamonaviy bog‘cha va maktablarda ta’lim olib o‘sayotgan avlod bilmas, lekin paxta dalasida atak-chechak qilib, egatlarda ulg‘aygan o‘rta avlod vakillari yaxshi biladi.
Bolaligimiz sobiq SSSR davri tugashi yillariga, iqtisodiy inqiroz davriga to‘g‘ri kelgan. Tuman markaziga yo‘limiz tushsa, bir manzil rosa o‘ziga chorlar edi. Alvon lentalar osilgan, ko‘m-ko‘k hovuzlar va ayvonlari bezatilgan, o‘yinchoqlari bisyor ko‘rkam maskan. O‘sha maskan, ya’ni bolalar bog‘chasida doim menga tengdosh bolalar gavjum bo‘lar, men esa o‘sha tengdoshlarim bilan o‘z sharoitimizni taqqoslar, ular bilan hayotiy tafovutimizni chamalar edim. Sababi, o‘shanda bu kabi bolalar maskanlari, maktabgacha ta’lim dargohlari yetishmas, shu sabab qishloqlardagi ko‘pchilik bolalar ushbu tizimdan bebahra qolar, bu esa ijtimoiy tengsizlikni yuzaga keltirar edi. Bu holat nafaqat qishloq bolalarining, balki qishloq ayollarining taqdirida ham eng og‘ir muammolardan biri sanalar edi. Davlat tomonidan tarbiya muassasalariga yetarli e’tibor qaratilmagani sababli bola parvarishi va ta’lim-tarbiyaning butun mas’uliyati faqat onaning yelkasiga yuklanardi. Bu esa uning ishlash imkonini, o‘qish va o‘zi ustidan ishlash yo‘llarini berkitar, shaxsiy rivojlanish orzularini cheklar edi.
Ammo yillar o‘tib, ona va bola taqdiriga soya solgan bu muammo asta-sekin yechimini topa boshladi. Davlat siyosatida ta’lim-tarbiya sohasiga alohida ustuvorlik berildi. Qishloqlarda ham bolalarbog‘chalari barpo etildi, zarur infratuzilmalarbosqichma-bosqich shakllantirildi. Bu o‘zgarishlarnatijasida qishloq ayolining zimmasidan og‘ir yukning bir qismi kamaydi, uning mehnat qilish, bilim olish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishimkoniyatlari kengaydi.
Imkoniyat
2017 yildan vaziyat yanayam o‘zgardi. Prezidentimizning tashabbusi bilan ta’limning ilk bosqichini rivojlantirishning ko‘plab yo‘nalishlari belgilab olindi. Xususan, maktabgacha ta’lim tizimini tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilish, mazkur muassasalarga bolalarni to‘la qamrab olish bo‘yicha muhim vazifalar qo‘yildi. Ushbu islohotlar natijasida oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun ajratiladigan mablag‘lar 7 karra oshirildi. Shu asnoda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 1,5 million yangi o‘rin yaratildi. Ayni vaqtda esa yurtimizda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘chalar faoliyat yuritmoqda.
Undan tashqari, avvallari onalar zimmasida bo‘ladigan: maktabga qadam qo‘yadigan bolalarga ilk qog‘oz qalam tutishni o‘rgatish vazifasi ham, maktabgacha ta’lim tizimi tasarrufiga o‘tib, hozirda olti yoshli bolalarning 96 foizi maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olingan. Keyingi yili bu raqam 100 foizga chiqishi kutilmoqda. Shu bilan birga 2017 yilga qadar ta’lim sohasida ayollar uchun qulay va inklyuziv muhitning shakllanmagani, qo‘shimcha qulayliklar, masofaviy o‘qish imkoniyatlari, bolali ayollar uchun maxsus ta’lim shakllarining yo‘qligi, ko‘plab farzand tarbiyasidan ajralmagan holda o‘qish istagida bo‘lgan ayollarning oliy ma’lumot olish imkonini qiyinlashtirar edi. Bu borada, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 393-sonli qarori bilan, oliy ta’lim muassasalarining sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi. Nihoyat 2017 yilning oktyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan tabrik so‘zida 16 ta universitet va institutda 12 ta yo‘nalish bo‘yicha kechki va sirtqi bo‘limlar ochilishi ma’lum qilindi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi 930-son qarori bilan Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Shu tariqa bunday qulay ta’lim turlarining joriy qilinishi, ayollar uchun vaqt va jismoniy maqbul sharoitni yuzaga keltirib, ularga “yo oila, yo ta’lim” degan ikki karrali tanlov o‘rniga, “ham oila, ham ta’lim”ni tanlash imkoniyatini berdi.
Ayolga ilm - avlodlar kamoloti garovi
Shu asnoda keyingi yillarda xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun uchun taqdim etilayotgan bir qancha imtiyozlar: foizsiz ta’lim kreditlari taqdim etilishi, ehtiyojmand qizlarga grantlar ajratilishi, xotin-qizlarning magistraturadagi ta’limi uchun mablag‘lari davlat tomonidan qoplab berilishi kabi imtiyozlar berilgani sababli xotin-qizlarning oliy ta’limdagi qamrovini keskin oshishiga sabab bo‘ldi.
Batafsil raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2020-2024 yillarda 8 ming 653 nafar ehtiyojmand xotin-qiz oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Yana bir ijtimoiy ahamiyatga ega imtiyoz: har yili 5 yillik mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotli bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarga, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tavsiyanomalar berish tizimi orqali oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi. 2022-2024 yillarda 1 ming 256 nafar xotin-qiz ushbu imtiyoz orqali oliy ta’limga o‘qishga qabul qilindi. Bundan tashqari, 2021 yildan boshlab muhtoj, yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarning oliy ta’limdagi shartnoma to‘lovlari qoplab berilmoqda. Jumladan, 2021-2024 yillar davomida 6 ming nafarga yaqin talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab berildi. Shu yo‘sinda bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qiz talabalarning salmog‘i oshib, ular 53 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda bor-yo‘g‘i 39 foiz edi. Shuningdek, magistratura bosqichida tahsil olayotgan 24 ming talabaning 60 foizi yoki 17 mingdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 3,8 barobarga ortgan. Bu esa kelajakda ilmli, intiluvchan va faol ayollar sonining ortishiga, ular orqali esa butun jamiyatning barqaror va barkamol taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Oliy ta’limda o‘qish imkoniyati ayolga faqat shaxsan emas, balki jamiyat miqyosida ham qiymat beradi. Zero, har bir ayol avvalambor ona. Unga singgan bilim, ma’naviy tarbiya kelgusida farzandlariga, farzandi orqali esa jamiyatga “yuqadi”. Onalar esa butun bir millatni tarbiya qiladi. Bugun ilm-fan, tibbiyot, ta’lim, san’at va boshqa jabhalardagi yuksak yutuqlar, ko‘pincha ayollar ishtiroki bilan bog‘liq. Ularga berilmagan imkoniyat - butun millat uchun boy berilgan imkoniyatdir. Ayolning uyda qolishi degani ko‘plab sohalarda - iqtisodiyot, tibbiyot, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ulkan va salmoqli hissani yo‘qotish deganidir. Shu bois bugungi kun islohotlari orqali, oila, farzand tarbiyasi va ta’lim o‘rtasida ziddiyatlar emas, uyg‘unlik vujudga kelmoqda. Bugungi kunda xotin-qizlarimiz tibbiyot sohasida 75 foiz, ta’lim sohasida 71 foiz, iqtisodiyot va sanoat sohasida 47 foiz, qishloq xo‘jaligi sohasida 43 foizni tashkil etmoqda.
Ayol salohiyatiga yo‘l ochayotgan - O‘zbek modeli
Keyingi yillarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 100 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. E’tiborlisi, bu hujjatlar faqat qog‘ozda emas, balki hayotda real ijrosini topmoqda.
Moliyaviy yordam, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, grantlar, kasb-hunar o‘rgatish markazlari orqali ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘maklar -ayollarning iqtisodiy faolligini oshirishda muhim omilga aylandi. Natijada, mamlakatda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning samarali va o‘ziga xos yo‘nalishi - “O‘zbekiston modeli” shakllandi. Bu model - tizimli yondashuv, qat’iy siyosiy iroda va amaliyotda o‘z tasdig‘ini topayotgan natijalarning uyg‘unligidir. Umuman olganda, ayollarning huquqiy, iqtisodiy, ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi rolini tubdan o‘zgartirmoqda. Endilikda ayollar - turmushning “mushtini yeb” o‘tiradigan muhitda emas, balki jamoatchilik, tadbirkorlik, davlat boshqaruvi sohalarida ham faol va ta’sirli kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan respublika bo‘yicha xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan ta’minlash, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida daromadli mehnat bilan ta’minlash bo‘yicha hududlar kesimida prognoz ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida, ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha o‘quv dasturlari yaratildi. Shu tariqa, 156 ming 290 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Bunda, 117ming 911 nafari kasb-hunarga, 24 ming 357 nafari tomorqadan daromad topishga, 8 ming 569 nafari xavfsiz migratsiya tamoyili asosida xorijiy til va kasb-hunarga, 5 ming 453 nafari daraxt va gul ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha o‘qitildi. Albatta,avvallari bunday imkoniyatlar bo‘lmagani sabab, “uyda o‘tiradigan” ayollar soni keskin oshib ketgan edi. Bugun imkoniyatlar va o‘zgarishlar sabab, ijtimoiy mentalitet o‘zgardi. Endi hech kimning“og‘zini ochib” o‘tirgisi yo‘q.
Endi ish izlovchimas - ish yaratuvchi
Tadbirkorlik salohiyatiga ega, yaratuvchanlik va mehnatsevarlikni o‘zida mujassam etgan opa-singillarimiz uchun tijorat banklari tomonidan joriy yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, 174 ming 885 nafar xotin-qizga salmoqli miqdorda kredit mablag‘lari ajratilgan. Albatta, bu faqat statistika emas - har bir raqam ortida taqdirlar, o‘zgarishlar va rivojlanish mujassam. Buning ortida, xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi va tadbirkorlik salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan islohotlar namoyon bo‘lmoqda. Endi ular ish izlovchi emas, balki ish yaratuvchi, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shuvchi faol shaxslar sifatida shakllanib bormoqda.
Albatta, har bir islohotning haqiqiy qiymati -hayotiy misollarda, insonlar taqdirida, qolaversa tarix ko‘zgusida o‘z aksini topadi. Kechagi kunlar tarix sahnasiga aylanib, bugun Mustaqilligimizning 34 yilligini qarshiladik. Inson qadri ulug‘lanayotgan bu yurtda ayollarga yaratilayotgan imkoniyatlar, tashkil etilayotgan infratuzilmalar, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, nafaqat ularning mehnat bozoridagi faolligini oshirmoqda, balki shaxsiy rivojlanishi va jamiyatdagi teng huquqli ishtirokini ta’minlovchi mustahkam ijtimoiy ko‘prikka aylanmoqda.
Haqiqatan ham kecha sabr-toqat timsoli va yordamchi kuch bo‘lib, ”oq qamalda qolgan” yoki "uyda o‘tirgan" ayol: bugungi islohotlarda qayta sayqal topgan “gavhar”ga aylangan. Ular bugun o‘z biznesini boshqaryapti, boshqalarga ish beryapti, islohotlar yetakchisiga aylanyapti. Bugungi ayol, umidvor emas -umid bag‘ishlovchi, u mustaqil O‘zbekistonning tirik vujudi, butun bir millatning ruhiy tayanchidir.
Shuhrat Normurodov.