Kechirish, bag‘rikenglik xalqimizga xos insonparvarlikdir

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakati bilan “Mehr-5” operatsiyasi amalga oshirilib, Suriyadagi urush ketayotgan “qaynoq nuqtalarga” borib qolib, “Al-Hol” lagerida 3 yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 ayol va 69 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
“Mehr” insonparvarlik operatsiyasining uzviy davomi sifatida muborak Ramazon oyi kunlari amalga oshirilgan ushbu tadbir ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, buning o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Ma’lumki, ushbu oyda yaxshilik, kechirimlilik, o‘zgalarga mehr-oqibat ko‘rsatish, adovatni unutish kabi insoniy fazilatlar yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi. Ana shu jihatdan, ushbu tadbir ayni vaqtida va o‘rnida tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim. Alloh taolo Qur’oni karimning bir qancha oyati karimalarida bandalarini bir-birlarining xato kamchiliklari va ayb-nuqsonlarini kechirishga buyurgan. Jumladan:
“Agar sizlar afv etsangiz, koyimasangiz va kechirsangiz, u holda, albatta, Alloh (ham sizlarga nisbatan) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun surasi 14-oyat).
Demak, kishi birodarini kechirishi bilan Alloh taolo ham uning gunohini kechirar ekan.
Vaqtida vatan, tinchlik, yaqinlarining qadriga yetmasdan o‘zga yurtlarga “jihod”, “hijrat” deya chiqib ketgan insonlar ta’bir joiz bo‘lsa mana shu narsalarga xiyonat qilgan edi, deb aytsak ham xato bo‘lmas. “Jihod”, “hijrat” tushunchalari islomda katta ahamiyatga ega. Bu shunchaki har bir kishi o‘zining tushunchasi va xohish-istagi bilan amalga oshirilaveradigan ishlar emas. Uning mazmun-mohiyati, sharti, sharoiti, maqsadi chuqur o‘rganilib, so‘ng amalga oshiriladi. Bu borada yetarli bilimga ega bo‘lmagan ayrim fuqarolar Suriya, Iroq yerlariga ketib qolishdi. Hali chin ixlos bilan bu safarga chiqishning o‘zi ko‘p narsalarni talab qilib turgan bo‘lsa, moddiy manfaat va boshqa dunyoviy niyatlar aralashgan safarning oxirat uchun foydasi emas, balki zarari ham bordir. Bu kabi harakatlar bilan fitnaning avj olishi, begunoh insonlarning, mo‘min-musulmonlarning qonlari nohaq to‘kilishiga sabab bo‘lishi albatta, ulkan gunohdir. Buni anglamagan yoshlar Suriyaga chorlab jar solayotganlarning “Suriyada jihod farzi ayn” deb lof urishayotganini, holbuki jihodning farzi ayn bo‘lishi uchun belgilangan shartlarning birortasi unda mavjud emasligini bilmaydilar. Balki, bu kabi urushlar Islomda harom qilingan urush hisoblanadi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida bo‘ladi. Unda o‘ldirganlar qotil, o‘lganlar esa gunoh uzra jon bergan bog‘iylar bo‘ladi. O‘zining yurti ulamolarini vaqtida nodon, ilmsiz, hatto kofir deyishgacha borgan, yurt, tinchlik qadriga yetmagan va bugungi kunda qilib qo‘ygan ishlaridan ming pushaymon qilayotgan, urush o‘lkalarida xoru zor bo‘lib, lagerlarda asirlikda qiynalib yotgan ayollar va bolalarni kechirgan Prezidentimiz va xalqimiz ularga tom ma’noda insonparvarlik, mo‘minlik va muruvvat qo‘lini cho‘zmoqda.
Bilib-bilmay xato qilgan va bugun qilmishiga chin ma’noda pushaymon bo‘lib, vataniga qaytarilganlar, farzandlarini bag‘riga bosib, mamlakatimizda qaror topgan insonparvarlik, adolat uchun shukronaliklarini izhor etishlari zarur. Endi ular ham mamlakatimizda ezgu maqsadlar yo‘lida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib, Vatan kelajagi, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, Xalqimizning, Prezidentimizning ishonchini munosib oqlashi lozim.
Zayniddin Eshonqulov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.