Kechki va ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari nima beradi?
Shaharlar, tuman markazlarida piyoda va velosipedda harakatlanish uchun yo‘laklar barpo etilyapti. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar atrofida zamonaviy sport maydonchalari bunyod etilishi xalqimiz salomatligini mustahkamlashga qaratilayotgan xayrli ishlardan hisoblanadi.
Xo‘sh, bugun bu imkoniyatlardan odamlar qay darajada foydalanyapti? Ular o‘z salomatligi uchun qayg‘uryaptimi? Kechki ovqatdan keyin piyoda yurish, erta tongda badantarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish inson salomatligi uchun foydali ekanligini anglab yetyaptimi? Ana shu savollarga javob izlab Samarqand shahridagi ayrim sport maydonchalari, ko‘cha va xiyobonlarda bo‘ldik, yurtdoshlarimizning fikrlari bilan qiziqdik.
- Har kuni kechki ovqatdan keyin piyoda yuraman, “Workout” maydonchalarida mashq qilaman, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev. – Sport salomatlik garovi ekanligi haqida ko‘p gapiriladi. Buyuk yozuvchilar, shoirlar, san’atkorlar sport bilan shug‘ullangan yoki aksincha, taniqli sportchilar san’at va adabiyotga oshno bo‘lgan. Bejizgamas, ular mohiyatni anglab yetgan. Odamlarni sportga jalb etish uchun butun jamoatchilik birlashishi kerak. To‘g‘ri, bugun ko‘p qavatli uylar atrofida sport maydonchalari bunyod etilyapti, ammo shuni ham ta’kidlash kerakki, ayrim tadbirkorlar avval mavjud bo‘lgan bolalar o‘yingohlari va sport maydonchalari o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurdi. Haliyam bir ozgina bo‘sh joyni ko‘rsa, uy qurishga qiziqayotganlar topiladi. Ular uy yoki restoranlar o‘rniga sport majmualari barpo etsa millat salomatligining mustahkamlanishiga hissa qo‘shgan bo‘lardi.
Erta tongda Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i va bog‘ hududida tashkil etilgan “Workout” maydonchasida bo‘ldik.
- Har kuni ertalab kursdoshlarim bilan Universitet xiyoboni va istirohat bog‘i bo‘ylab yuguramiz, - deydi Samarqand davlat universiteti talabasi Toshtemir Abdurahmonov. – Bog‘da joylashgan sport maydonchasida badantarbiya mashqlarini bajaramiz. Tengdoshlarimniyam taklif qilaman.
Bu yerda ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanayotganlarning aksariyati katta yoshlilar.
- Har kuni tongda 2 soat yurib, yugurib, 7 kilometr masofani bosib o‘taman, - deydi faxriy sportchi Karim Eshniyozov. – Sport maydonchasida shug‘ullanaman. Bu yerda tanishlarimni uchrataman. Bir-birimizga xayrli tong tilab, kunni yaxshi kayfiyat bilan boshlaymiz.
- Yoshim 67 da, - deydi Panjob mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Mamarizo Toyirov. – 10 yildan beri har tongda tengdosh qo‘shnilarim bilan istirohat bog‘ida piyoda yuramiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak o‘zimizni doim tetik his qilamiz.
Ana shunday nuroniylardan, shijoatli sportsevar yoshlardan o‘rnak olib, kechki va ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishni odatga aylantirsak ham jismonan, ham ruhan tetik bo‘lishimiz shubhasiz!
Jasurbek ShUKUROV, To‘lqin SIDDIQOV, Baxtiyor MUSTANOV.