Kelgusi haftadan terimga kirishiladi bu yil paxta qanday teriladi?

Qayd etilishicha, Paxtachi va Narpay tumanlarida 15 sentyabrdan, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlarida 16 sentyabrdan, Ishtixonda 17 sentyabrda, Pastdarg‘om va Payariqda 18 sentyabrdan hamda Oqdaryo tumanida 19 sentyabrdan paxta terim ishlariga kirishiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizga o‘tgan yili 44 ta, joriy yilda 50 ta, jami 94 ta zamonaviy “Bashiran” paxta terish mashinalari olib kelingan.

Ushbu paxta terish kombaynlari bilan kuniga 950-1000 gektar maydonda 3500-3800 tonna paxta terib olish imkoniyati bor. Bu degani viloyatdagi 60 ming gektar maydonning qariyb 36 ming gektaridagi paxtani (60 foizini) mashinalarda terib olish mumkin.

Bundan tashqari, shakllantirilgan 720 ta terim otryadlariga 121 ming nafardan ortiq terimchilar biriktirilgan.

Ayni kunlarda defoliatsiya, shuningdek, paxta qabul qilish maskanlarida ta’mirlash hamda agrotarozi tizimiga ulanish ishlari yakunlanmoqda.

Hokimlar, mahalla faollari, bandlik bo‘limlari vakillari bilan birgalikda terim otryadlari va ularga biriktirilgan terimchilar bilan joyiga chiqqan holda uchrashuvlar tashkil qilishi, terimchilarga sharoitlar yaratish choralarini ko‘rishi belgilangan.

Darvoqe, joriy yil hosili uchun viloyatimizda 60 ming gektar maydonda paxta parvarish qilinib, 261 ming tonna paxta xom-ashyosi yetishtirish belgilangan.