Muruvvat uyida iftorlik dasturxoni yozildi

Ramazon oyi munosabati bilan Samarqand shahridagi O‘zbekkenti mahallasida joylashgan “Kelajak vorislari” oilaviy bolalar muruvvat uyida iftorlik dasturxoni yozildi.

- Mag‘firat va rahmat oyining fazilati beqiyos, - deydi viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov. – Shunday qutlug‘ kunlarda yordamga muhtojlar holidan xabar olish, ularga ko‘mak ko‘rsatish xayrlidir. Bugun oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining qalbida xursandchilik va baxtiyorlik hissini uyg‘otish maqsadida ular bilan diydorlashdik, ko‘ngillariga ko‘tarinkilik bag‘ishlashga harakat qildik. Bu o‘g‘il-qizlarimiz kelajakda Vatanimizga, xalqimizga va dinimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan insonlar bo‘lib yetishadi, inshoalloh.

Bu yerda tarbiyalanayotgan, taqdir taqozosi bilan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 20 nafarga yaqin bolalarga Ramazon tuhfalari ulashildi. Tarbiyalanuvchilarning avvaldan bildirgan istaklariga binoan ularga televizor ham sovg‘a qilindi.

Bu kabi xayrli tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida, mahallalarida tashkil etilmoqda. Nogironligi bor, kam ta’minlangan, bemor, boquvchisini yo‘qotgan va boshqa ehtiyojmandlar holidan xabar olinyapti. Ularga imom-xatiblar tomonidan “Ramazon hadya”lari ulashilmoqda.

To‘lqin SIDDIQOV.