Kengashlar - mustaqil vakillik organi. Ularga faoliyatni yangicha asosda tashkil qilish imkoni berildi
Prezidentimiz tomonidan “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.
Qonun jamiyat hayotida qanday ahamiyatga ega? Endi mahalliy Kengashlar faoliyatida nima o‘zgaradi? Viloyat Kengashida rejalar qanday?
Shu va boshqa savollar bilan xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Sherali YO‘LDOShEVga murojaat qildik.
- Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qonun mazmun-mohiyatiga ko‘ra, yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi, - deydi Sh.Yo‘ldoshev. - Mazkur qonun bilan 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, 2004 yil 2 dekabrda qabul qilingan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi.
- To‘g‘ri, ammo qonunning ahamiyati nimalarda ko‘rinadi?
- Qonunchilikka ko‘ra, mahalliy Kengashlar alohida organ. Biroq uning faoliyatini tashkil qilish uchun mahalliy hokimlik ko‘magiga tayanilardi. Tabiiyki, bu Kengashning ijro organiga bo‘ysunishiga sabab bo‘lardi.
Boshqacha aytganda, demokratik jamiyat talablaridan kelib chiqib, mahalliy Kengashlarning muhim qarorlar qabul qilishi, mahalliy davlat organlari faoliyatini nazorat qilishi uchun ularni tashkiliy, texnikaviy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlovchi bo‘linmalarga zarurat bor edi.
Qonunda ayni shunday bo‘linmani tuzish belgilab qo‘yildi. Birgina shu yangilikning o‘zi Kengashning o‘rni va nufuzini, qisqasi zimmasidagi funksiya va vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
- Sherali aka, shu o‘rinda o‘quvchilarni bir savol qiziqtirishi tabiiy. Qonun qabul qilingunga qadar viloyat Kengashida kotibiyat tashkil qilingandi. Ayting-chi, kotibiyat tashkil qilinib, Kengash ishida, deputatlar faoliyatida qandaydir o‘zgarish bo‘ldimi?
- To‘g‘ri aytdingiz, qonun qabul qilinishidan odin bu amaliyot viloyat, Samarqand shahri va Oqdaryo tuman Kengashlari misolida sinovdan o‘tkazildi. Albatta, ayni shu jarayonda qonun loyihasiga tegishli tuzatishlar, qo‘shimchalar kiritildi.
Endi, bevosita savolingizga kelsak, kotibiyat tashkil etilgach, avvalo deputatlar faolligi birmuncha oshdi. Negaki, viloyat Kengashining sessiyalari namunali qilib, onlayn tarzda ham o‘tkazila boshlandi. Tabiiyki, bu birinchi navbatda deputatlarimizni sergaklantirdi.
Natijada hokim o‘rinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlari va boshqa idoralar rahbarlarining kengashlar oldida hisoboti jonli muloqotga aylandi. Ya’ni, ilgarigidek, “qo‘l ko‘tarib” tasdiqlash amaliyoti barham topyapti. Eng muhimi, ijro organi rahbarlari ham Kengash oldida hisobdor ekanliklarini to‘g‘ri ma’noda his qilib, anglab yetyapti.
- Hozir siz o‘tgan davrdagi faoliyatimizdan kelib chiqib qonun loyihasiga takliflar kiritildi, deyapsiz. Bundan anglash mumkinki, qonun bilan Kengash kotibiyatlari bugungi shakldagidan boshqacharoq bo‘lishi belgilangan.
- Darhaqiqat, shunday. Kotibiyat kelgusida bugungidek, mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladi. Farqli tomoni shundaki, qonun kuchga kirgach, u gerb va o‘z nomi tushirilgan muhriga hamda blankalariga ega yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.
Kotibiyatning namunaviy tuzilmasi va nizomi Oliy Majlis Senatining Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Aniq tuzilmasi, nizomi, shtatlari, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash miqdori va moddiy-texnika ta’minoti hamda ularni saqlash xarajatlarini tegishli xalq deputatlari Kengashi tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, kotibiyatning mudiri tegishli Kengash deputatlari orasidan uning vakolati muddatiga tayinlanadi. Qolgan xodimlarning mehnatga oid munosabatlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari muddatiga bog‘liq bo‘lmaydi.
- Biroz keskin tuyulishi mumkin, biroq haqli savol deb o‘ylayman. Bugungi kungacha viloyat Kengashi deputatlari hali biror bir masalani tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda atroflicha o‘rganib chiqmadi. Sabablari nimada?
- Avvalo qayd etish lozimki, kotibiyat tashkil etilgandan buyon Kengashning ishchi organi – sessiyalar ilgarigiday hisobot uchun, xo‘jako‘rsinga o‘tkazilayotgani yo‘q. Doimiy komissiyalar va deputatlik guruhlari bilan oldindan maslahatlashib, sessiyalar kun tartibi belgilab olinmoqda. Ya’ni, eng muhim masalalar xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyasiga olib chiqilyapti.
Umuman, kotibiyat tashkil etilgandan so‘ng viloyat Kengashining 2020 yil II yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi tuzib olindi.
Har dushanba maslahat kengashi, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining doimiy komissiya raislari hamda Oliy Majlis Senatiga ko‘maklashuvchi komissiyasiga Samarqand viloyatidan yordam beruvchi ishchi guruhining qo‘shma yig‘ilishlarida doimiy komissiyalar orqali deputatlarimizning masalalarini, muammo va takliflarini eshityapmiz. Bu ishchi guruhimizning qo‘shma yig‘ilishiga partiya guruhlari rahbarlarini ham taklif qilib, ularning fikrlari asosida masalalarni sessiyalarga olib chiqyapmiz.
Deputatlarning ham faoli, o‘z vazifasini to‘g‘ri tushunadigan, xalqning dardini o‘zining dardi deb biladiganlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo o‘zining kundalik ishi bilan band bo‘lib, saylangan okrugidagi muammolar, masalalar va takliflar bilan qiziqmaydigan, bunga vaqt ajratmaydigan deputatlar mana endi sezilib qolmoqda.
Bu xalq vakilining hokimlik va tashkilot, korxona rahbarlari oldiga masala qo‘yishdagi mas’uliyatiga ham bog‘liq, nazarimda. Ammo kotibiyat deputatlarimiz bilan har kuni bog‘lanib, ular amalga oshirayotgan ishlarini muvofiqlashtirib bormoqda.
Darvoqe, endi viloyat Kengashi hamda uning deputatlari faoliyati bilan ijtimoiy tarmoqlar, xususan, samdeputat.uz veb-sahifamiz orqali ham tanishib borish mumkin.
- Gazetamizda Kengashning joriy yil 5 sentyabrdagi qarori bilan deputatlarning uchta savolga javoblari berilmoqda. Bu chiqishlarda aksariyat deputatlar so‘roviga javob ololmayotgani yoki mutlaqo qoniqarsiz javob olayotgani haqida bayon qilmoqda. Kengashdagi doimiy asosda ishlovchi deputat, qolaversa, kotibiyat mudiri sifatida ayting-chi, bu borada qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
- Yuqorida aytganimday, endi deputatlarning muammolarini, ular faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan masalalarni eshitadigan, hal etishga ko‘maklashadigan tuzilma - kotibiyatlar tashkil qilindi. Deputatlar bilan tegishli boshqarma va tashkilotlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydigan ko‘prik paydo bo‘ldi.
Kengash kotibiyati tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashlari deputatlarining o‘tgan davrda boshqaruv organlariga yuborgan 354 ta so‘rovlari tahlil qilib chiqildi. Albatta, deputat so‘roviga befarq munosabatda bo‘layotgan mutasaddilar ham borligiga guvoh bo‘ldik. Biz ularga nisbatan vakolatimiz doirasida chora ko‘rish harakatidamiz.
Biroq bu masalaning yechimi emas. Shu bois, birinchi navbatda deputatlik so‘rovlari ko‘rib chiqilishi, unda ko‘tarilgan masalalar hal etilishini ta’minlashga harakat qilyapmiz. Vazifasiga sovuqqon, kotibiyat tomonidan murojaat qilingandan keyin ham loqayd bo‘ladigan rahbarlarning hisoboti sessiyada eshitiladi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat!
Yo.MARQAYeV suhbatlashdi.