Keyingi uch yilda maktab, kollej va litsey o‘quvchilari o‘rtasida suitsid ko‘paygan

2016 – 2018 yillarda o‘rta maktablar va o‘rta-maxsus ta’lim tizimidagi o‘quv muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paygan, jinoyatchilik esa ozaygan, deb yozmoqda minbar.uz.

Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra 2016 yilda o‘rta maktablarda har 10 ming o‘quvchidan 0,31 tasi, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda esa har 10 ming o‘quvchidan 1,53 tasi o‘z joniga qasd qilgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilga kelib 0,37 va 2,10 taga oshgan.

Jinoyatchilik ko‘rsatkichlari esa kamaygan. 2016 yili o‘rta maktablarda har 10 ming o‘quvchiga 0,9 ta jinoyat to‘g‘ri kelsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 0,7 taga tushgan. O‘rta-maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi jinoyatlar ko‘rsatkichi ham 2016 yilgi 9,8 tadan 2018 yilga kelib 7 taga tushgan.

2017 yili prezident Shavkat Mirziyoyev avvalgi 9+3 o‘quv tizimidan 11 yillik maktab ta’limiga o‘tishni taklif qilgan edi. Shu taklifning afzalliklari haqida gapirilganda 11 yillik ta’limda o‘quvchilar o‘z ota-onalari nazoratida bo‘lishi, bu esa o‘quvchilar sodir etadigan turli qilmishlarning oldini olishi aytilgan.

Yangi 11 yillik tizim bu borada qanchalik samara berishi haqida gapirishga hali erta. Maktablarda 10-11-sinflar hali to‘liq shakllanmagan. O‘smirlikning o‘tish davrida o‘quvchilarning katta qismi hali o‘rta maxsus ta’lim tizimida. O‘z joniga qasd qilish maktablarda ham, kollej va litseylarda ham ko‘paygan. Jinoyatchilik esa har ikkisida pasaygan.