Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kim tushuntirish xati yozishi kerak?

Kecha telegramm kanalimiz va saytimizda Toyloq tumanida yashovchi F.Qayumovaning tahririyatimizga murojaati asosida “Murojaatdan pul qilmoqchi bo‘layotgan mutasaddilar yoki Bosh vazir o‘rinbosari qabuliga kimlar kirishi mumkin?” sarlavhasi bilan maqola bergandik.

Unda yer bilan bog‘liq muammosiga yechim topolmayotgan F.Qayumova ijtimoiy tarmoqlarda Bosh vazir o‘rinbosari Samarqandga kelgani va tadbirkorlarni qabul qilishini eshitib, "Yoshlar markazi"ga borgani, ammo uni ro‘yxatga olishmagani, mutasaddilardan biri esa "Viloyat savdo-sanoat palatasiga a’zo bo‘lsalaring va 245 ming so‘m to‘lasalaring qabulga kirishlaring mumkin", degani bayon etilgandi.

Ushbu maqola e’lon qilinganidan so‘ng mutasaddilar F.Qayumova bilan uchrashib, undan Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i nomiga “Muxbir meni noto‘g‘ri tushungan” degan gapni qo‘shdirib, tushuntirish xati yozdirib olishibdi.   Qoyil. Tezkorlikni qarang!

Lekin savollar paydo bo‘ladi-da:

Birinchidan, nima uchun murojaatchini qabulga kiritmagan mutasaddilar emas, u tushuntirish xati yozishi kerak?

Ikkinchidan, nega masala yuzasidan Savdo-sanoat palatasi mutasaddilari F.Qayumovaga tushuntirish berish o‘rniga F.Qayumova boshqarma boshlig‘iga tushuntirish berishi kerak (agar rahbarlarga ko‘rsatish uchun qog‘oz kerak bo‘lsa, opani chaqirgan yoki uning huzuriga borgan mas’ullar o‘zlari ham imzo qo‘yib dalolatnoma tuzishi mumkin edi-ku).

Uchinchidan, maqola yuzasidan tahririyatga F.Qayumovaning tushuntirish xatini emas, Savdo-sanoat palatasining munosabatini yuborish kerakligini nahotki mutasaddilar bilmaydi?

Va nihoyat, to‘rtinchidan, opaning muammosi taqdiri nima bo‘ladi?

Umuman, murojaatchilar bilan ishlashda “tushuntirish xati olish”, “tahririyat” yoki “muxbir”ni ayblashga qachon chek qo‘yiladi? Mas’ullar qachon jamoatchilik bilan, ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni o‘rganadi?

P/S. Biz hozirgina F.Qayumova bilan bog‘lanib, tushuntirish xati yozishi tafsilotlarini (hozir bunga to‘xtalmaymiz) va ertalabdan buyon Toyloq tumani hokimligida masala yechimini kutib turganini ham bilib oldik.

Biz bu mavzuga yana qaytamiz.