Kimlarga benzin uchun kompensatsiya puli beriladi?

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 30 oktyabrdagi “Avtomobil benzinini sotib olish bo‘yicha ilgari berilgan imtiyozlar o‘rniga shaxslarning ayrim toifalariga oylik kompensatsiyalari to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bilan nizom tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, quyidagilar oylik pul kompensatsiyasi olish huquqiga ega:
- urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- mehnatda mayib bo‘lish va kasb kasalligi tufayli I va II guruh nogironi bo‘lgan shaxslar;
- bolalikdan I va II guruh nogironlari.

Oylik pul kompensatsiyasi to‘lovi uni olish huquqiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan, yengil avtomobil, motoaravacha yoki mototsikli mavjud va ulardan foydalanadigan shaxslarga tayinlanadi.

Agar avtomototransport vositalaridan foydalanish huquqi ishonchnoma bo‘yicha boshqa shaxsga berilganda oylik pul kompensatsiyasi olish huquqi yo‘qoladi.

Oylik pul kompensatsiyasi to‘lovi summasining miqdori jismoniy shaxslardan yonilg‘i iste’moli uchun olinadigan soliq hisobga olinmagan holda chakana savdodagi avtomobil benzini (chakana savdoda eng ko‘p tarqalgan) muayyan markasining qirq litri qiymatining ellik foizidan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanadi.

N.Avazov,
Qo‘shrabot tuman byudjetdan tashqari
Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari.