Kimlarga muzey hamda tarixiy ob’yektlarga sayohat xarajatlari qoplab berilishi va chegirma qilinishi ma’lum qilindi
"Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori e’lon qilindi. Unga ko‘ra:
Ta’lim muassasalarining o‘quvchi va talabalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va boshqa fuqarolarning muzeylar va mamlakatimizning tarixiy manzilgohlariga tashriflarini nazarda tutuvchi “Moziyga sayohat” dasturi tashkil etiladi.
“Moziyga sayohat” dasturi doirasida:
turizm infratuzilma sub’yektlariga (joylashtirish vositalariga) chegirma taqdim qilish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etiladi;
davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, ta’lim muassasalari o‘quvchilarining, nogironligi bo‘lgan shaxslarning joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishi mumkin;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat muzeylariga bepul kiritiladi;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning temir yo‘l chiptalari hamda joylashtirish vositalarida turish xarajatlari to‘liq hajmda tegishlicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan qoplanadi;
davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan har yili kamida bir marta byudjetdan tashqari mablag‘lar, kasaba uyushmalari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan o‘z xodimlari va ularning oila a’zolari uchun muzeylarga kirish chiptalarini xarid qilish amaliyoti joriy etiladi.