Kitob o‘qiganlar jazodan ozod qilindi
Samarqandda Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov boshchiligida sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabullar o‘tkazildi.
Ishtixon va Urgut tumanlarida tashkil etilgan qabullar davomida 109 nafar fuqaroning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma’muriy sudlovga oid murojaatlari tinglandi. Ushbu murojaatlar bo‘yicha 68 nafar shaxsga huquqiy tushuntirish berildi, 35 ta shikoyat va ariza qonuniy ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. Olti murojaat bo‘yicha masala qabul chog‘ida qanoatlantirildi.
Oliy sud rahbariyati aholi bilan muloqot chog‘ida bugungi sud-huquq islohotlari, qonunchilikdagi yangiliklar haqida ham batafsil ma’lumot berdi, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Urgutda o‘tkazilgan sayyor qabuldan so‘ng Oliy sud raisi o‘rinbosari Sh.Polvonov va samarqandlik sudyalar Dehqonobod mahallasida tashkil etilgan taniqli adib Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasida bo‘lib, bu yerda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mahalla ahli va kitobxonlar bilan uchrashuvda yurtimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish, xalqimizning ma’naviy olamini boyitishda bu kabi ziyo maskanlarining muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Davra suhbatida qonunga zid harakatlari uchun sudlangan va jazo o‘tayotgan bir guruh shaxslar “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi tashabbusi bilan ushbu kutubxonaga jalb qilingani Oliy sud rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, ularning 10 nafari qo‘yilgan talablarni bajarib, o‘ndan ortiq kitoblarni o‘qib o‘zlashtirganligi sababli probatsiya bo‘limiga ijobiy tavsifnoma berilgan.
Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov ichki ishlar organlari probatsiya bo‘limi va jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi raisiga har bir holatni alohida o‘rganib, qonun doirasida yordam berish vazifasini topshirdi.
Shu asosda kutubxonada jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, 10 nafar mahkum o‘talmay qolgan axloq tuzatish ishlari va boshqa jazolardan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
– Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi, tuman ichki ishlar boshqarmasi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi o‘rtasida imzolangan memorandum asosida probatsiya nazoratida turgan 53 nafar fuqaroni kutubxonaga a’zo qilib, kitob o‘qishga jalb qildik, - deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Urgut tuman bo‘limi raisi Quddus Asqarov. - Uch oylik kuzatishlarimiz davomida ulardan 10 nafarida ko‘proq kitob o‘qib, uning mazmun-mohiyatiga yetib, ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Shu asosda jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudiga to‘g‘ri yo‘lga qaytgan bu mahkumlarni o‘talmay qolgan jazolardan muddatidan oldin shartli ozod qilishni so‘rab iltimosnoma kiritdik va bugun bu iltimosnomamiz sud tomonidan qanoatlantirildi.
Muddatidan oldin jazodan ozod etilganlar ham bunday imkoniyatdan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
– Sodir etgan jinoyatim oqibatida 2020 yilning oktyabr oyida 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edim, - deydi Rinat Xushnazarov. - Kitobga oshno bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lga qaytganimni hisobga olib, bugun jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindim. Buning uchun shunday imkoniyat yaratib bergan Prezidentimizdan minnatdorman. Endi jamiyatga foydam tegadigan ish bilan shug‘ullanishga harakat qilaman.