Ko‘rinmas yov kirdi Vatanga...
Ko‘rinmas yov kirdi Vatanga,
Chovut soldi jonga va tanga.
Iflos qo‘llarini cho‘zmoqda,
Do‘st ko‘rinib har bir odamga.
Bu dushmanni otib bo‘lmaydi,
Kerak emas na urush, na jang.
U bilan yuz ko‘rishma, mayli,
Qahramonsan, uyda o‘tirsang.
Tozalikka qilgil rioya,
Xizmatingda isiriq, sovun.
Niqob taqmay chiqma ko‘chaga,
Ostonangda kutadi mal’un.
Kitob o‘qi bolalaringga,
Keksalarga bo‘lgin mehribon.
Shifokorlar neni buyursa,
Talabini ado et shu on.
Kattalarning gapini olib,
Ikki qilmay, vaqtida bajar.
Ana shunda chiqasan g‘olib,
Ko‘rinmas yov chekinib qochar.
Xudoyberdi KOMILOV.