“Kobalt” teng ikkiga bo‘lindi

Savlat Qobilov va Nigina Olimovalar (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) 2014 yilda qonuniy nikohdan o‘tib oila qurgan. Ular birgalikdagi nikohi davomida 2018 yilda “Kobalt” rusumli avtomashina sotib olishadi.
O‘rtalaridagi kelishmovchiliklar sabab ular bugungi kunda alohida tarzda yashab kelishayotgan bo‘lsa-da, biroq N.Olimova sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtasidagi umumiy mulk hisoblangan avtomashinadan o‘z ulushina olmagan ekan.
N.Olimova o‘zining mulk huquqini himoya qilish va umumiy mulkdan ulushini ajratib olish uchun sobiq turmush o‘rtog‘i yashab turgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga “avtomashinani umumiy mulk deb topish va ulush ajratish to‘g‘risida”gi da’vo ariza bilan murojaat qildi.
Amaldagi qonun talablariga ko‘ra, er va xotinning nikoh davomida orttirilgan mol-mulklari ularning birgalikdagi umumiy mulklari hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, sud nizoli avtomashinaning bugungi kundagi bozor qiymatini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlagan hamda ekspertiza xulosasiga ko‘ra, “Kobalt” rusumli avtomobilning hisoblangan o‘rtacha bozor bahosi, uning jarohatlarini va jihozlanishini inobatga olib, 80 million 250 ming so‘mni tashkil qilishi ko‘rsatilgan.
Sud ish holatlarini o‘rganib, nizoli avtomashinani taraflarning umumiy mulki deb topdi. N.Olimovaning haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi va avtotransport vositasini boshqarish qobiliyatiga ega emasligini inobatga olib, S.Qobilovdan N.Olimovaning foydasiga “Kobalt” rusumli avtomashinaning yarim bahosi uchun 40.125.000 so‘m undirishni belgiladi.
Sherjahon ZAYNIDDINOV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudya katta yordamchisi.