Ko‘chamiz qachon sement-beton bilan qoplanadi?

11 mart kuni telegram kanalimizda ana shu sarlavha ostida murojaat e’lon qilgan edik.

Past Darg‘om tumani hokimligi axborot xizmati ushbu masala bo‘yicha javob xati yo‘lladi.
"Juma shahri Samarqand mahallasi Forobiy ko‘chasi "Xalqaro moliya institutlari ishtirokida 2023-2024 yillarda Samarqand viloyatida sement-beton yo‘llarni qurish ishlarining manzilli ro‘yxati"ga kiritilganligi, ammo belgilangan muddatda ko‘chaning faqat kirish qismining taxminan 50-60 metri asfalt qilinib, qolgan qismi qoldirilgani haqidagi holatga aniqlik kiritish maqsadida tuman obodonlashtirish boshqarmasidan ma’lumot oldik, - deyiladi javob xatida. - Unga ko‘ra, Juma shahridagi 8 ta mahalladan o‘tgan 30 dan ortiq ko‘cha, jumladan, xabarda keltirilgan Forobiy va Baxt ko‘chalari sement-beton yo‘llar qurish ishlarining manzilli ro‘yxatiga kiritilgan.

Ammo, mazkur ro‘yxatda keltirilgan ob’yektlarda sement-beton yo‘llarni barpo etish uchun zarur mablag‘lar ajratilishi jarayoni cho‘zilayotgani bois, bu boradagi ishlar hozircha boshlanmasdan turibdi. Tegishlilar tomonidan zarur mablag‘lar ajratilishi bilanoq, boshqa yo‘llar qatorida mazkur ko‘chaga ham sement-beton qoplamasini yotqizish ishlari amalga oshiriladi.
Xabarda keltirilgan Forobiy ko‘chasining 50-60 metr qismi esa shu ko‘chada yashovchi fuqaroning shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilgan bo‘lib, fuqaro o‘z xonadoniga kiraverish hududini o‘zi asfaltlashtirgan".