Ko‘klam kirib kelmoqda: Samarqandda bu yilgi bahor bayramlari qanday o‘tadi?

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida bahor bayramlari: 8 mart -Xalqaro xotin-qizlar kuni hamda yangilanish va yasharish ayyomi Navro‘zni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimligi, madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi vakillari, tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, bu yilgi bayram tadbirlari har yilgidan farqli, noan’anaviy tarzda tashkil etilishi kerak. O‘tkaziladigan sayllarga ham mazmun kiritish lozim. Katta sahnalarda san’atkorlar tomonidan har yili aytilaverib, tinglovchilarga yod bo‘lib ketgan qo‘shiqlardan emas, balki aholiga zavq bag‘ishlaydigan yangi kuy-qo‘shiqlardan foydalanish lozim.

Malakali mutaxassislar, san’atkorlar, shoir va yozuvchilarning taklif va mulohazalari o‘rtaga tashlandi. Yangi qo‘shiq yaratishda shoir, bastakor va xonanda hamkorligi viloyatda yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi tanqid ostiga olindi. Har bir bayram oldidan yangi asarlar yaratish va mualliflarni rag‘batlantirib borish yaxshi samara berishi aytib o‘tildi. “Eng yaxshi qo‘shiq” ko‘rik-tanlovini tashkil etishga kelishib olindi. Asar yaratilishida hissasi bo‘lgan shoir, bastakor hamda xonandalarni munosib rag‘batlantirish choralari ko‘riladigan bo‘ldi.

- Bu ulug‘ bayram tadbirlarini o‘tkazishda 3-4 kishi yoki bir tashkilot jamoasining tashabbusi kamlik qiladi, albatta, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Viloyatdagi barcha tashkilotlar vakillari bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, tadbirlarimiz ko‘ngildagidek o‘tadi. Maqsadimiz viloyat ahli va mehmonlarga bayramona, bahoriy kayfiyat ulashish. Shuning uchun Samarqand shahrida tashkil etiladigan tadbirlarga faqat shahardagi san’atkorlar imkoniyatidan foydalanib qolmasdan, shahar va tumanlardan ham iste’dod egalarini taklif qilishni rejalashtirganmiz.

Yig‘ilishda bayramlar oldidan hududlarda obodonlashtirish va bezash ishlariga ham alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

To‘lqin SIDDIQOV.