Kongoda vulqon otilishni boshladi, odamlar evakuatsiya qilinmoqda

Ruanda bilan chegaradosh Kongo Demokratik Respublikasida «Niragongo» vulqoni otilishi boshlandi, deya xabar berdi Ruanda teleradiokompaniyasi.

Havoda oltingugurt hidi sezilmoqda. Lava oqimlari haqida hali ma’lumot yo‘q. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda elektr ta’minoti to‘xtatilgan.

Vulqondan qochgan Gomaning uch mingga yaqin aholisi qo‘shni Ruanda bilan chegarani kesib o‘tdi, deya xabar beradi mahalliy radio. Ular maktab va cherkovlarga joylashtirilgan.

Kivu ko‘lidan 20 kilometr shimolda joylashgan «Niragongo» vulqoni mintaqadagi xavfli sakkiztalikdan biridir. Chorak asr oldin uning bag‘ridan otilgan lava oqimi soatiga 60 kilometr tezlikda yaqin atrofdagi aholi punktlariga yetib kelib, ko‘plab odamlarning umriga zomin bo‘lgan edi.