Konstitutsiyaga taklifim bor: “Miranda qoidasi” Asosiy qonunimizga kiritilsa...

Aslida bu qoida shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishini anglatadi.

Shu bois, u xalqaro qoidani Asosiy qonunimizda mustahkamlashni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Bu gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi o‘z huquqlarini bilmagan holda o‘z aybiga iqrorlik to‘g‘risida ko‘rsatma berishga tergovchi va prokurorlar tomonidan majburlanishining oldini oladi.

“Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz aytganlarning hammasi sudda o‘zingizga qarshi foydalanilishi mumkin” – bu so‘zlar biz uchun tergov jarayonlari tasvirlangan ko‘plab kino va seriallar orqali ma’lum. Konstitutsiyamizga “Miranda qoidasi” kiritilishi jinoyat gumonlanuvchining “bo‘yniga ilinishi” o‘rniga, ish har tomonlama xolisona va adolatli tergov qilinishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, “shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas. Agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerak”, degan normani ham Asosiy qonunda aks ettirishimiz zarur.

Bunday qoida Bosh qomusimizda o‘z aksini topishi shaxsning erkin harakatlanishga bo‘lgan huquqining konstitutsiyaviy kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Har qanday holatda ham shaxsni sud qarorisiz 2 sutkadan ortiq ushlab turish mumkin emasligini Konstitutsiyada belgilash shaxsiy erkinlik daxlsizligini anglatadi.

Fikrimcha, “Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi shart”, degan norma ham Asosiy qonunda o‘z aksini topishi kerak.

Konstitutsiyaviy islohotlar davrida bunday qoida Asosiy qonunimizda belgilanishi mahkumlarni qiynoqqa solish va boshqa g‘ayriinsoniy turdagi munosabatdan himoya qilinishining huquqiy garovi bo‘lishiga ishonchim komil.

Alisher Mardiyev,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.