Konstitutsiyaga taklifingiz bormi?
Ayni kunlarda yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar olinmoqda. Deputatlar, olimlar va turli sohalar mutaxassislari va jamoatchilik vakillaridan iborat Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, faol ish olib bormoqda.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi ushbu jarayonda aholi fikrini o‘rganish, ularning takliflarini eshitish maqsadida joylarda uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etmoqda.
Navbatdagi ana shunday tadbir Qo‘shrabot tumanida o‘tkazildi. Tuman tibbiyot birlashmasida, shuningdek, Bolg‘ali, Buloqboshi, Pangat mahallalarida uyushtirilgan tadbirlarda tibbiyot xodimlari, mahalla faollari va turli sohalar vakillari ishtirok etdi.
– Hech bir huquqiy hujjat “dogma”, ya’ni toshga o‘xshab qotib turmaganidek, Konstitutsiya ham mamlakat rivojiga monand ravishda, xalqning manfaatlarini to‘liq ko‘zlagan holda takomillashib borishi zarur, – dedi “Adolat” sotsial demokratik partisi siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov. – Bosh Qomusimiz ham bugun mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda asosiy hujjat bo‘lishi va yanada mukammal bo‘lishi lozim. Endilikda Konstitutsiyamizda “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyillari, “Inson manfaatlari – iqtisodiy islohotlarning bosh mezoni”, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” singari ezgu g‘oyalar aks etadi. Ayni shu yo‘nalishlardan kelib chiqib, konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazilmoqda va unda butun xalqimiz ishtirok etishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Uchrashuvlarda partiya faollari va deputatlar konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyati va kutilayotgan natijalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. O‘z navbatida tadbir qatnashchilari hayotiy tajribasi va ish faoliyatidan kelib chiqib, taklif va mulohazalarini bayon etdi.
– Konstitutsiyamizning 40-moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Sherali Ravshanov. – Bugungi kunda tibbiyot sohasida “aqlli tibbiyot”ni amaliyotga keng joriy etish lozim va bu qonunlarimizda belgilab qo‘yilishi kerak. Bu sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga xizmat qiladi.