Koreya Oliy sudi raisi – Samarqandda
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Oliy sudi raisi Kim Myon Su boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuv chog‘ida o‘zbek va koreys xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari bir necha asrlik tarixga egaligi qayd etildi. Jumladan, Samarqand shahridagi “Afrosiyob” muzeyidan o‘rin olgan qadimiy devoriy suratlarda Koreya elchisini qabul qilish marosimi aks ettirilgani buning dalilidir.
Bugun ham O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik tobora mustahkamlanib bormoqda. Koreya Oliy sudi raisi Kim Myon Suning mamlakatimizga tashrifi esa huquqiy sohadagi aloqalarni yanada rivojlantirish va keng ko‘lamda davom ettirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Kim Myon Su o‘zbekona mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun viloyat hokimiga minnatdorlik bildirdi.
– O‘zbekistonga tashrifim juda samarali bo‘lmoqda, – dedi Koreya Oliy sudi raisi Kim Myon Su. – Toshkentda O‘zbekiston Oliy sudi rahbarlari bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishdik, yurtingizda keyingi yillarda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalaridan xabardor bo‘ldik.
Koreyalik mehmonlar Toyloq tumanidagi sudlar binosida bo‘ldi. Bu yerda sudya va sud xodimlari, fuqarolar uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar bilan tanishdi. Binoda ayniqsa, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilayotgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Samarqandga safar davomida Koreya Oliy sudi delegatsiyasi shahardagi tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.