Eron parlamenti a’zolari Samarqandni ziyorat qildi

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov hamrohligida Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroportida viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi.

Eron parlamenti a’zolari dastlab Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi.

Mehmonlarga mazkur majmuaning tarixi, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Islom Karimovning O‘zbekiston va o‘zbek xalqi hayotidagi tarixiy xizmatlari yodga olindi.

Shundan so‘ng Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi, Shohi Zinda yodgorligi, Registon maydoni bilan tanishdi. Tillakori madrasasida namoyish etilgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, Mirzo Ulug‘bek madrasasidagi noyob tarixiy ashyolar hamda ushbu obidalar haqidagi ma’lumotlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Eron parlamenti vakillari Samarqand shahridagi “Panjob” jome masjidida ham bo‘lib, ibodat amallarini bajardi.