Koreyslar Yangi yilni Samarqandda nishonladi

Bugun Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan bir guruh koreyalik talabalar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbir ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va brodarlikni mustahkamlash, ularning milliy madaniyatiga bo‘lgan hurmat belgisi sifatida o‘tkazildi. Koreya davlatida 24 yanvar sanasidan Yangi yil bayrami boshlandi. Bu bayram Xitoy kalendari bo‘yicha 4 kun mobaynida davom etadi.

- Samarqand tibbiyot institutida ikki yildan buyon tahsil olib kelayotganim bois sizlarda o‘tkazilayotgan Yangi yil bayramini birgalikda nishonladim, - deydi institutning davolash fakulteti talabasi Matthev Koh. – Albatta, yanvar oyida bizda o‘tkaziladigan to‘rt kunlik Yangi yil bayrami sizlardagi mart oyida o‘tkaziladigan Navro‘z umumxalq bayramiga juda o‘xshaydi. Deyarli urf-odatlarimiz, oilaviy bazmlarimiz ham bir-biriga yaqin.

Bayram tadbirida tibbiyot institutining davolash fakulteti dekani S.Indiaminov, monitoring va ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Ya.Allayorov ishtirok etib, koreyalik talabalarni bayram tabrikladi va esdalik sovg‘alari topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand davlat tibbiyot instituti 2014 yildan buyon Koreya Respublikasidagi universitet va klinikalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Oliygohda 31 nafar koreyalik talabalar ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha 4 yil davomida tahsil oladi. 

Husan ELTOYeV.