Koronavirus Qoraqalpog‘istonda ham qayd etildi
Nukusda 2 nafar fuqaroda koronavirus aniqlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2020 yil 6 aprel soat 09:00 holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida koronavirusga chalingan ikki bemor aniqlangan.
Nukus shahrida yashayotgan bir erkak kishi va uning onasi “COVID-19” infeksiyaga gumonlanib, Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, erkak kishi ish yuzasidan 14 mart kuni Toshkent shahrida bo‘lgan. Ulardan tegishli tahlillar olinib, Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining virusologiya laboratoriyasiga va Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-amaliy tekshirish institutiga yuborilgan. 2020 yil 5 aprel sanasida tunda tahlil natijalari ushbu ikki fuqaroda koronavirus kasalligi bor ekanligini tasdiqladi.
Ushbu ikki fuqaro virusga gumon qilinishidan boshlab darhol ular bilan muloqotda bo‘lgan kishilar epidemiologik tekshiruvga olinib, ular ham karantinga olindi. Hozirda ushbu ikki fuqaro Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning ahvoli o‘rtacha darajada.