Ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘langan pulni qaytarib olish mumkin
Viloyat Matbuot uyida viloyatimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda FHDYo sohasida 2024 yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorov mavzu yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, hisobot davrida viloyatda fuqarolarga 379242 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Shundan 35 foizi, ya’ni 133021 tasini onlayn, 246221 tasini Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilgan xizmatlar tashkil etadi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 46097 taga ko‘p.
- Asosiysi, soha tizimli isloh qilinib, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda, - deydi Salohiddin Sattorov. - Misol uchun, joriy yilning 1-choragida 21 ta yangi davlat xizmati joriy etilib, xizmatlar soni 356 taga yetkazildi. Yil oxirigacha ularning sonini 400 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, eng ko‘p ko‘rsatilgan 29 ta xizmat “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtirilib, ularda so‘raladigan ma’lumotlar 225 tadan 99 taga, ariza yuborish uchun sarflanadigan vaqt esa 76 daqiqadan 22 daqiqaga qisqartirildi. 2024 yilda bu tamoyil barcha xizmatlarda joriy etiladi. Shuningdek, 46 ta davlat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlar qabul qilinib, 37 ta davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlari tizimlashtirildi.
Tadbirda qonunchilikda nazarda tutilgan, ammo fuqarolar kam foydalanayotgan ayrim huquqlar ham tilga olindi. Jumladan, qonunchilikka muvofiq, murojaatchining arizasiga ko‘ra, davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish uchun qo‘shimcha to‘langan yig‘imlar va to‘lovlar davlat xizmatlarini ko‘rsatish belgilangan muddatdan uch ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilgan (yoki tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatilmagan) yoki asossiz rad etilgan taqdirda, qaytarib berilishi kerak. Bu jarayon soddalashtirilgan tartibda, bir ish kuni ichida amalga oshiriladi. Biroq fuqarolar bu imkoniyatdan to‘liq foydalanishmayapti. Holbuki, joriy yilning o‘tgan 3 oyida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida 29320 ta qonunbuzarlik aniqlangan. Shundan 26925 holatda davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddati buzilgan, 31 holatda ortiqcha hujjat talab qilib olingan, 2337 holatda esa murojaatlar asossiz rad etilgan.
Misol uchun, “Samarqand suv ta’minoti” MChJ Past Darg‘om tumani filiali ishlab chiqarish texnik bo‘limi muhandisi Z.K. fuqaro Sh.Z.ning shu yil 4 mart kuni yuborilgan, qonun talablari bo‘yicha 3 ish kunida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan so‘rovnomasini 27 martgacha ko‘rib chiqmagan. Bunday holat uning nazoratidagi 100 dan ortiq boshqa so‘rovnomalarda ham takrorlangan.
S.Sattorovga ko‘ra, bu kabi holatlar bo‘yicha vakolatli idoralarning rahbarlari nomiga 26 ta taqdimnoma va 633 ta ogohnoma kiritilgan. Shuningdek, 153 nafar aybdorga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, 10 nafarining intizomiy javobgarlikka tortilishi ta’minlangan.
Asqar Barotov.