Kovidni mavsumiy grippdan qanday ajratsa bo‘ladi?

➖ Farzandimda bir-ikki kun burni oqdi, isitmasi yo‘q. 2 kundan buyon ertalab soat 5-6 larda balg‘amli yo‘tal tutadi, to‘liq balg‘amni chiqarib tashlab yana uxlab qoladi. Kovid shunday boshlanishi mumkinmi?

Ushbu savolga AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi:

➖ Bolada dastlabki 1-2 kun kuzatilgan burun oqishi, qisqa yo‘tal davrida organizmiga boshqa bir o‘tkir respirator virusli infeksiya tushgan bo‘lishi, unga nisbatan bola organizmida oldingi yillari immun javob hosil bo‘lgani bois, bu safargi virus bilan bolani organizmini uchrashuvida kasallikni yengil o‘tkazayotgani, lekin shunday bo‘lsa-da, mazkur virus bronxit ko‘rinishidagi asoratlanganini ko‘rsatmoqda.

Kovid kasalligidan farqli o‘laroq, bugungi kunda bolangiz kasalligi 5-6 kun bo‘lsa-da, oilada boshqalarda kasallikning alomatlari paydo bo‘lmaganligi hamda kovid bemorlari bo‘lganlar bilan muloqotda bo‘lmaganligi KOVID kasalligiga o‘xshamayotganligidan dalolat.

Shunday bo‘lsa-da, KOVID kasalligini tasdiqlash maqsadida shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra antigenni aniqlash uchun PZSR yoki ekspress test topshirib aniqlik kiritish mumkin.

Bronxit kasalligi – bronxlar shilliq qavvatlarining yallig‘lanishi bo‘lib, virus yoki bakteriya yoki zamburug‘lar sababli kelib chiqadi. Undan tashqari, ko‘p hollarda allergik omil (dorilar, turli xil kimyoviy vositalar va hokazolar) ta’sirida kuzatilishi, shu bilan birga kattalarda ko‘p chekish oqibatida va kasb kasalligi sifatida (asoratlangan bronxit)lar ko‘rinishida ham uchrashi mumkin.

Bronxit alomatlari kasallik boshlanishida kelib chiqaruvchi omillarga bog‘liq bo‘lib, bolalarda ko‘p holatda bu O‘RVI virusi organizmga tushib tomoq, hiqildok, traxeya va bronx yo‘llarini shilliq qavvatlarini zararlashi oqibatida kelib chiqadi.

Mazkur holatda ko‘proq zararlanish traxeya va bronxlarda kuzatilmoqda. Shu bois ertalab tongi 4-7 ga qadar inson organizmida o‘pka va nafas yo‘llarining qon bilan ta’minoti kuchayishi hamda faoliyati faollashuvi davrida shu traxeya va bronx yo‘llarida yig‘ilgan yot narsalarni organizm yo‘tal mexanizmi bilan tashqariga chiqarib tashlashga urinadi.

Farzandingizda balg‘am ertalabki soat 5-6 larda yo‘tal bilan ajralib chiqishi kuzatilmoqda. Mazkur holat bolaning organizmida immun tizimining holatiga bog‘liq, bu tongi yo‘tal ma’lum bir davrda (7 kundan 14 kungacha oralig‘ida) o‘tib ketadi.

Agarda bolada tana harorati 38 gradusdan yuqori bo‘lmasa va bolaning faolligi yaxshi, ishtahasi yaxshi bo‘lsa, dori vositalari kerak emas.

Asosiy maqsad, bolaning bronxlarida O‘RVIdan so‘nggi qolgan balg‘amli ajralmalarni tashqariga chiqarish va uni bronxlarining tiklanishiga yordam berishdir. Bunday holatda fizioterapevtik muolajalar ham yordam beradi.

Bolaning holati bo‘yicha maktab shifokori yoki oilaviy poliklinikada (UASh yoki pediatr) shifokoriga murojaat etsangiz maqsadga muvofiq. Shifokorlar bolaning holatini to‘liq baholab, qo‘shimcha tekshiruv va tavsiya etiladigan qo‘llab-quvvatlovchi davoni farzandingizga tavsiya etadilar.