“Ko‘z-ko‘z” qilishga shoshilmang. Sizdan najot topganlar ishning natijasidan ko‘ngli to‘lsin
Gap nima haqida borayotganini ziyrak o‘quvchi darhol angladi. Gap shundaki, bugun ayrim kishilar, aniqrog‘i, biror tashkilot, korxona yoki tadbirkor kimgadir ko‘mak bersa, og‘irini yengil qilsa, ehson qilsa, uni “ko‘z-ko‘z” qilish uchun turli yo‘llarni qidiryapti. Bu borada ular gazeta yo televideniyedan foydalanishga intilayotgani ham bor gap.
Aslida bu mavzuda qog‘oz qoralashimga ham shu bilan bog‘liq voqealar sabab bo‘ldi.
Televideniyeda ishlaydigan hamkasbim bilan bir tadbirga boradigan bo‘ldik. Uchrashish uchun vaqt va mo‘ljalni belgiladik. Aytilgan manzilga borib, biroz kutib qoldim. U yo‘q. Telefon qildim. Hamkasbim bir holat tufayli kechikkani, birozdan keyin yetib kelishini aytib, uzr so‘radi. Kelgach, yo‘l-yo‘lakay o‘sha holatni aytib berdi.
- Xonamdan chiqayotganimda bir tashkilot rahbarining o‘rinbosari kelib qoldi, - dedi u. - Bugun tushdan keyin tashkilotidan uch-to‘rt kishi “Saxovat uyi”ga borib, qariyalarga sovg‘a berar ekan. “Shuni televideniyega chiqarsangiz”, deb qoldi. Bilsam, berayotgan sovg‘alari arzimas, oddiygina. Jahlim chiqdi. “Uyalmaysizlarmi, shu narsani qalbi kemtik otaxonu onaxonlarga berishga va uni televizor orqali hammaga “ko‘z-ko‘z” qilishga”, dedim. Ancha tortishdik, oxiri “dard”ini aytdi: “Hisobot uchun kerak-da!”...
Tuman gazetasi tahririyatida ishlayotgan hamkasbim ham shunga o‘xshash voqeani aytib qoldi:
- Bir kuni ertalabdan hokimiyatga chaqirishdi. Bordim. “Bugun falon mahallada ikki nafar kam ta’minlangan oila bolalarining sunnat to‘yi bo‘ladi. Hokim boradi, yaxshi-yaxshi rasmlar, ko‘proq intervyu olinglar. Maqolani gazetaning birinchi sahifasidan, ko‘proq rasm bilan beringlar”, dedi hokim o‘rinbosarining shu “ish”ga mas’ul xodimlaridan biri. “Bu ehsonni “ko‘z-ko‘z” qilishdan nima naf? Kichik xabar qilib beramiz, bo‘ldi”, dedim. Gapimdan tepa sochi tikka bo‘lib ketgan “amaldor” bilan ancha surishdik. O‘sha xabar u aytganday dabdabali ham, men aytganday kichik ham emas, ammo ikkita surat bilan chiqdi. Lekin baribir xabarda hokimlikning ehsoni “ko‘z-ko‘z” qilindi, iddao bor edi. Vijdonim qiynaldi, ammo iloj qancha...
Afsuski, shunday yoki shunga o‘xshash holatlar ayrim tashkilot, ayrim hokimliklarda bo‘lib turibdi. Ya’ni, zarradek saxovatni “ko‘z-ko‘z” qilish “epidemiya”si jamiyat orasida ancha tarqaldi. Endi o‘zingiz ayting, ehsonning rasmiyatchilik, xo‘jako‘rsin uchun yoki uning “ko‘z-ko‘z” qilinishi kimga kerak? Xo‘sh, mohiyat aslida nimada? Birovga qilgan yaxshilik, ko‘makni OAVda yoritishdan nima naf? Xalqimizning “O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin” degan dono naqli bor. Nahotki ayrim saxovatpesha rahbar yoki tadbirkorlar bu naqlni unutib qo‘yayapti.
Yana bir xunuk jihati, hisobot, dalolatnoma uchun efirga uzatish, suratga olib gazetaga chop ettirish odamlarning orini toptash bilan teng. Aslida buning uchun o‘sha kishining roziligini olish kerak, fuqaro oriyati inobatga olinishi shart. Masalan, oradan yillar o‘tib, 20 yoshga kirgan boyagi yigitga “Sening to‘yingni hokim qilib bergan” qabilidagi gap og‘ir botmaydimi? Nahotki, bugun o‘z manfaatimiz uchun qilayotgan ehsonimiz ertaga bir yigit dilini vayron qilishini o‘ylamasak.
Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga mehr va saxovat ko‘rsatish katta savob. Ammo yaxshilik, ko‘makni oshkora qilgandan ko‘ra, pinhona amalga oshirganning savobi o‘n karra, yuz karra ko‘p. Masalan, oramizda yordamga muhtoj odamlarga hech kimga ovoza qilmay yordam berib kelayotgan saxovatli insonlar talay. Yoki aksariyat zakot beruvchilar uning kimga, qancha berayotganini, pul yoki mahsulot qiymati va manzilini oshkora qilmaydi. Bu jarayon shunday odob va lutf bilan amalga oshiriladiki, qabul qiluvchi uning ehson ekanligini ham bilmay qoladi. Nega hamma shunday qilolmaydi?
Quvonarlisi shu - Samarqandimizda saxovatli insonlar ko‘p, savobtalab korxona-tashkilotlar talay. Ammo ko‘rsatilgan muruvvatni oshkor qilishga barham berish o‘ta savob ish. Berayotgan ehson, qilayotgan yaxshilikni “ko‘z-ko‘z” qilmaylik, shu ko‘makdan najot topganlar ishning natijasidan ko‘ngli to‘lsin, shuning o‘zi yetadi.
Akram Haydarov.