Kredit-modul tizimi oliy ta’limga nima beradi? Uning amaldagi ta’lim tizimidan afzalliklari nimada?
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining 85 foizini 2030 yilgacha bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tishi rejalashtirilgan.
2020-2021 o‘quv yilining o‘zida respublikamizdagi 33 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi kredit-modul tizimiga o‘tishi kutilmoqda. Mazkur oliy o‘quv yurtlarida asosan ECTS kredit-modul tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Barcha kuchlar ushbu tizimni yaratishga safarbar etilyapti.
Xo‘sh, kredit-modul tizimi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimiga nimalarni beradi? Uning amaldagi ta’lim tizimidan afzalliklari nimada?
Kredit-modul tizimi – bu ta’limni tashkil etish jarayoni bo‘lib, o‘qitishning modul texnologiyalari jamlanmasi va kredit o‘lchovi asosida baholash modeli hisoblanadi. Kredit-modul tamoyilida quyidagi asosiy masalalarga e’tibor beriladi:
- talabalarning mustaqil ishlashini ta’minlash;
- talabalar bilimini reyting asosida baholash.
Kredit-modul tushunchasi ikki so‘zdan iborat: “kredit” va “modul”.
Oliy ta’lim sohasida kredit ko‘pchilikka bank va moliya sohasi orqali tanish bo‘lgan qarzdorlik yoki moliyaviy majburiyat tushunchasini anglatmaydi. Shuning uchun oliy ta’lim sohasida kredit so‘zi ko‘pincha “akademik” so‘zi bilan birga ishlatiladi.
Akademik kredit - oliy ta’limning muayyan bosqichida ushbu ta’lim darajasini qo‘lga kiritish maqsadida talaba tomonidan muntazam ravishda to‘plab boriladigan ramziy o‘lchov birligi. Bu birlik talaba ma’lum miqdordagi o‘qish yuklamasini bajarganligi va muayyan o‘qish natijalarini muvaffaqiyatli egallaganligini anglatadi.
ECTS tizimida o‘quv dasturi bir necha modullardan tashkil topadi. Talaba kreditlarni faqat modullar orqali qo‘lga kiritishi mumkin. Xo‘sh, ECTS tizimida modul nimani anglatadi?
Yuqoridagi ta’rifga ko‘ra, o‘quv dasturidagi har bir fan bu modul hisoblanadi. Chunki u yaxlitlikka ega, muayyan o‘qish natijalariga erishishga yo‘naltirilgan, o‘zining tizimi va baholash mezonlariga ega bo‘lgan izchil o‘qish va o‘rganish harakatlari jamlanmasidir. Lekin modullar faqat fanlarning o‘zidangina iborat emas. Yuqoridagi ta’rifga mos keladigan va tegishli miqdorda kreditlarni o‘zida aks ettiradigan har qanday tizimli va izchil o‘rganish va mashg‘ulotlar jamlanmasini modul deyish mumkin. Bunga o‘quv dasturiga kiritilgan amaliyot ishi, bitiruv malakaviy ishi yoki dissertatsiya ishini misol keltirish mumkin.
Oliy ta’lim muassasalarining kredit-modul tizimiga o‘tilishi bu muayyan miqdordagi kreditlarni yil, semestr va fanlar bo‘yicha taqsimlab qo‘yishning o‘zidan iborat emas.
Agar kredit-modul tizimi to‘g‘ri va to‘liqligicha joriy etilsa, u mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga juda katta ijobiy o‘zgarishlarni olib kirishi mumkin. Jumladan, u mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga ta’limning jahon tan olgan mukammal o‘lchov birligining olib kirilishi, o‘quv dasturlarida muvozanat va me’yor paydo bo‘lishi, o‘qish jarayonining shaffof tarzda tashkil etilishi, o‘quv dasturlari iqtisodiyot, mehnat bozori va talabalar ehtiyojlari asosida shakllanishi, darslarning sifati yaxshilanishi va nihoyat har bir talaba, ma’lum ma’noda o‘zining mustaqil o‘quv dasturiga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.
Mazkur tizimning oliy ta’limga joriy qilinishi o‘qitish sifatini oshirish, shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga barham berish, ta’lim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarish hamda talabaning mustaqil o‘qib-o‘rganib, o‘z ustida ishlashiga zamin yaratadi. Bugungi kunda Yevropa kredit tizimi ko‘hna qit’aning deyarli barcha oliy o‘quv yurtida amaliyotga joriy etilgan.
Kredit-modul tizimining joriy etilishi o‘qituvchi va talabaning hamkorlikda ishlashida muhim omil hisoblanadi. Modulli ta’limda pedagog tinglovchining o‘zlashtirish jarayonini tashkil etadi, boshqaradi, maslahat beradi, tekshiradi. Talaba esa yo‘naltirilgan ob’yekt tomon mustaqil harakat qiladi. Eng katta urg‘u ham talabalarning mustaqil ta’lim olishiga qaratiladi.
O‘quv jarayonida mustaqil ta’lim olishning ahamiyati ortadi va bu kelajakda mutaxassislarning mustaqilligi, ijodiy tashabbuskorligi hamda faolligini oshirishga olib keladi. Kredit-modul tizimida talabalar har doim o‘qituvchi va kursdoshlaridan yordam hamda ¬maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlaydi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Kredit-modul o‘qitish tizimiga o‘tish oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari majburiyati hamda ular oldidagi talabni ham oshiradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, modulli o‘qitish tizimi bilan o‘qituvchi nafaqat axborot beruvchi va nazorat qiluvchi funksiyalarini, balki maslahatchi hamda muvofiqlashtiruvchilik vazifalarini ham bajaradi.
Nigora ALIMOVA,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchisi.