Kuchli shamol Paxtachidagi ikki qavatli uy tomini uchirdi

Kecha tunda yuzaga kelgan kuchli shamol Samarqand viloyatining ayrim hududlarida ham kutilmagan holatlarni yuzaga keltirdi.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2020 yilning 27 aprel kuni soat taxminan 22:25 dan 28 aprel soat 01:25 ga qadar Samarqand viloyatida ham kuchli shamol kuzatilgan. Shamolning tezligi ayrim hududlarda 14-20 m/sekundgacha yetdi.

Buning oqibatida Paxtachi tumani Istiqlol mahallasidagi ikki qavatli uyning tom qismi to‘liq (600 metr kvadrat) hamda Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi ikki qavatli uyning tom qismi 70 foiz (500 metr kvadrat) uchib, binoning orqa qismidagi hovli hududiga tushgan.

Yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida tuman hokimligi, favqulodda vaziyatlar bo‘limi, IIB va boshqa mutasaddi tashkilotlardan xodimlar va zarur texnika vositalari jalb qilindi.

Shuningdek, kuchli shamol natijasida Past Darg‘om tumani Beshnayman mahallasidagi 180 xonadonni elektr toki bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli transformatorga kiruvchi elektr simi uzilgan. Hozirda ushbu holatni bartaraf etish bo‘yicha tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda.

Kuchli shamol oqibatida fuqarolarning tan jarohati olganligi yuzasidan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ma’lumot kelib tushmagan.