Laboratoriya (Hajviya)
- Endi bu yog‘iga ehtiyot bo‘ling, aka – dedi unga eshikdan chiqayotgan vrach.
***
Sarimboy xonaga kirganida uchastka vrachi bir ayol bilan surmaning ko‘zga foydasi va allaqaysi malhamning yuz terisiga nafi haqida suhbatlashib turgan ekan. Ikkala ayolning suhbati bo‘linib, eshikdan kiruvchiga yuzlandi vrach:
- Qani, ko‘raylik-chi, - dedi Sarimboy uzatgan qog‘ozning oldi-ortini aylantirib qarab:
- Xo‘-o‘-o‘sh, kardiolog, dermatolog, psixolog… - vrach shu kabi qator nomlarni o‘qirkan: - endokrinologdan o‘tmabsiz-ku! – dedi.
Sarimboy xuddi buvisining cho‘ntagidan konfet o‘g‘irlab, qo‘lga tushgan yosh boladay qizardi:
- Kechirasiz, doktor, esimga kelmapti. Hozir borib, o‘tib kelaman, - u eshikka yo‘naldi.
- Shoshmang! – Sarimboyni to‘xtatdi vrach:
- Endokrin uchun alohida qon va peshob topshiriladi. Demak, bugun kech bo‘ldi. Ertaga ertalab kelasiz.
… Sarimboy tong azonda peshob solingan idishni ko‘tarib, poliklinikaga keldi. Laborant ko‘rsatgan joyga peshob solingan idishni qo‘yib, qon topshirdi.
- Javobi ertaga tayyor bo‘ladi, - dedi laborant. – Vrachingizdan bilasiz, - qo‘shimcha qildi u.
- Qoningizda ham, siydikda ham qand miqdori biroz yuqori ko‘rsatilyapti, - dedi u ertasiga.
- Nechchi ekan?!
- Yetti-yu, o‘n olti.
Shunda Sarimboy u yoq-bu yoqqa qarab, taraddudlana boshladi. Uning bu holatini ko‘rib vrach so‘radi.
- Nima gap?
- Yo‘q, o‘zim, - dedi vrachning yonidagi ayolga bir-ikki tikilib. Ayol ishim zarur edi deb chiqib ketdi. Vrach yana Sarimboyga yuzlandi. – Xo‘sh?
- E, qo‘yavering hech gap emas.
- Nima, biron joyingiz og‘riyaptimi yana?
- Bundan ikki kun oldin… - Sarimboy duduqlanib, to‘xtab qoldi.
- Nima bo‘ldi? – so‘radi vrach. - Yiqildingizmi?
- Keliningiz «saxar», yetti oy bo‘ldi. Shunga undan yuqmadimikin, deyman-da.
- Qandli diabet bir kishidan ikkinchi kishiga yuqmaydi. Chunki bu individual xarakterga ega bo‘lgan kasallik. Siz hecham tashvish qilmang, - deya tinchitdi uni vrach: - Besh-o‘nta dori va ikki-uchta ukol bilan yaxshi bo‘lib ketishi mumkin. Lekin, baribir, endokrin dispenseriga borib, jiddiy tekshiruvdan o‘tkazsangiz durust bo‘lardi. Ertalab barvaqt turing-da, yuz-qo‘lingizni yuvmasdan, biron-bir toza idishda peshobingizni olib boring. Qonni o‘sha yerning o‘zida olishadi.
Navbatda o‘n besh-yigirma chog‘li odam turgan ekan, hali yarim soatsiz navbat yetishi gumon. Sarimboy qo‘lidagi peshob solingan idishchani koridorning bir burchagiga qo‘yib, uning tagiga vrach bergan qog‘ozniyam qistirdi. Tashqariga chiqib, sigareta tutatdi.
Sarimboy yana biroz aylanib, krandan qoniqib suv ichdi. U kirganimda navbatda hech kim qolmagan edi. Idishchani qo‘ygan joyidan olib, laboratoriyaga kirdi. Qon topshirdi.
- Natijasi peshindan so‘ng, soat uchlarda ma’lum bo‘ladi, - dedi laborant.
Hali juda barvaqt bo‘lganligi uchun Sarimboy uyiga keldi. Tushlik ovqatni yedi, choy ichib, picha hordiq olib, bafurja dispanserga bordi.
- Sizni boshlig‘imiz kutyapti, - dedi u kirib kelganida laborant ayol Sarimboy nimaga deganday laborantga savolomuz tikildi.
- Kiravering, o‘sha yerda bilasiz, - ayol boshliqning eshigiga ishora qildi. Laborantning yonidagi yoshgina ayol piq etib kuldi.
Bosh vrach xonasiga kirganida u allaqanday hujjatlarni ko‘zdan kechirayotgan ekan.
- Xayriyat, keldingiz? – dedi u Sarimboyga g‘alati jilmayib qarab.
Bosh vrach qo‘lidagi qog‘ozlarini stolning bir chetiga surib qo‘ydi va stol g‘aladonidan bir varaq qog‘oz oldi. So‘ng yana Sarimboyga g‘alati qarab qo‘ydi. U qo‘lidagi qog‘ozga jiddiy va sinchiklab qarab olgach:
- Aka, mabodo yanglishib, peshobni yangamnikini olib kelmaganmidingiz?
- Yo‘-o‘o‘o‘q, men ertalab soat to‘rtda turishga odatlanganman. Bu vaqtda yangangiz uxlayotgan bo‘ladi. Nima gap?
- Yangani uxlayotgandi deng. Unday bo‘lsa, - deya vrach stoli burchidagi tugmachani bosdi. Eshikdan kotiba mo‘raladi.
- Bosh laborantni chaqiring. Laborant olib kelgan ikki varaq qog‘ozni boshliq stoli ustiga qo‘ydi. Vrach qog‘ozlarga ko‘z yugurtirarkan: - Aka, - dedi u bosiqlik bilan, - hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Sizdan iltimos, faqat og‘ir bo‘lasiz, o‘zingizni qo‘lga olasiz. - Bu paytda bosh laborant chetga burilib, og‘zini bekitib, qiqirlab kuldi. Vrach o‘qrayib qarab qo‘ygach, tez jiddiy qiyofaga kirdi.
- Nima gap, doktor? – ham vahima, ham hayron holatda vrachning og‘zini poyladi Sarimboy.
- Endi bu yerda sizdan bekitadigan gap yo‘q, to‘g‘risini aytmasak bo‘lmaydi. Peshob, ya’ni siydik tahlili sizni homilador, deb xulosa beryapti.
- E-e-e, nimalar deyapsiz, doktor. Hazilingizni qo‘ying-ye, u joyidan turib, tirjayib, vrachning stoliga yaqin bordi.
- Bu hazil emas, - dedi doktor. - Siz avval joyingizga o‘tirib oling, men sizga hammasini batafsil tushuntiraman.
Sarimboy yana qaytib joyiga o‘tirdi. Endi vrach haligi qog‘ozlarni qo‘liga olib, tushuntira boshladi.
- Bunaqa hodisa hali tibbiyot tarixida biron marta qayd etilmagan bo‘lib, nihoyatda kamyob va noyob voqea hisoblanadi. Shuning uchun ham bu narsaning hududimizda sodir bo‘lganligi biz uchun ham katta obro‘, e, yo‘g‘-ye, obro‘ emasu shov-shuv bo‘ladi, demoqchiman. Vrach Sarimboyga sinchkov qarab qo‘ydi. Agar internetda chiqib ketsa bormi, ajab emas gennislar kitobiga tushish…
- Ana, u kishini qarang, - dedi shu payt bosh laborant. Peshonasidan reza-reza ter chiqib, og‘zini kappa-kappa ochib, qisqa-qisqa nafas olib, ko‘zlari olayib, hushidan ketayotgan Sarimboyga ishora qilib.
- Suv! – dedi vrach shoshilib, - ana, grafinda, yuziga seping, ichkizing!
Bosh laborant grafindan kaftiga suv olib, Sarimboyning yuziga sepdi. Yarim piyola suvni uning lablariga tutdi. Vrach uzatgan sochiqni olib, bemorning yuziga yelpita boshladi.
Haytovur Sarimboy ko‘zini ochdi.
- Unaqa emasda, aka, - dedi Sarimboy o‘ziga kelgach vrach. - Men sizga og‘irroq bo‘ling, deb ogohlantirgandimku, axir. Bu nihoyatda jiddiy hodisa. Yer yuzida sakkiz yarim milliarddan ortiq aholi bo‘lsa, shu paytgacha bunaqa voqea qayd etilmagan.
- Bo‘ling! – dedi vrach, bosh laborantga, - tashqariga, hovliga olib chiqib, toza havoda aylantiring. Chorak soatdan so‘ng xonamga olib kirasiz.
Toza havoda aylangach, Sarimboy ancha tuzuk bo‘lib qoldi.
- Aka siz bekorga hayadjonlanyapsiz, - dedi vrach Sarimboy xonaga kirgach.
Uning ahvolidan ancha xavotirga tushib qolgan bosh vrach endi astoydil yumshoqlik bilan muomala qilishga o‘tdi:
- Bu oxirgi xulosa bo‘lolmaydi. Uskunalarimiz hammasi xorijdan keltirilgan. Eng zamonaviy. Ertaga ertalab yana peshobingizni olib keling. Ertaga tahlilning tepasida o‘zim turaman. Ha, darvoqe, - dedi go‘yo qo‘qqisdan esiga tushib qolganday, - qon va peobni topshirgach, albatta, laborant bilan birga mening xonamga kiringlar.
Ertasi kuni Sarimboy qon va peshob topshirib, bosh laborant bilan vrach xonasiga kirdi.
- Yozing, - dedi laborantga vrach, - besh kun ichida quyidagilarni keltirishi shart. Birinchi, qaysi mahallada yashaydi va nechta qo‘shnisi bor. Ikkinchi, kamida beshta qo‘shnidan Sarimboyni yaxshi tanishi haqida tushuntirish xati. Uchinchi, mahalladan ma’lumotnoma. To‘rtinchi… yozayapsizmi, - u laborant yozayotgan qog‘ozga nigoh tashladi.
- Xo‘-o‘-o‘, yozavering. Nechanchi edi. Ha, to‘rtinchidan…
Shu payt talmovsirab tilga kirdi Sarimboy:
- Shu narsalarning hammasini yozish shartmi, bir og‘iz «homilador emas» deb yozib qo‘ya qolsangiz bo‘lmaydimi?
Vrach uning gapini shartta kesdi:
- Ho‘vvvv, aka, tushunsangiz-chi, bu jiddiy masala, yaqinda yuqoridan tekshirish kelyapti. Bitta siz uchun ishimdan ayrilib, javobgar bo‘lishni xohlamayman. Menda ham bola-chaqa bor. Tekshirib keluvchilarga kallam bilan javob beraman, axir.
…Tug‘ruqxona ta’mirlanayotgani, arxivning ishlamayotgani uchun ana shu ikki muassasadan tashqari barcha hujjatlar uch kundayoq to‘g‘ri bo‘ldi. Sarimboy o‘n to‘qqizta qog‘ozni bitta jildga solib, qo‘ltiqqa qisdi-da, boshidan kaltak yegan echkiday gandiraklab, dispanserga bordi. Axir u «homiladorsan», deyishganlaridan buyon besh kecha mijja qoqmadi-da. Bu orada bechora xayolning qaysi ko‘chalariga kirib chiqmadi, desangiz.
Vrach uni quchoq ochib kutib oldi:
- E, qayoqlarda yuribsiz? Kutaverib toqatimiz toq bo‘ldi-ku, aka!
Sarimboy qo‘ltig‘idagi papkaga ishora qildi:
- Mana bu hujjatlarni…
- E-e-e, otvoring, bu hujjatlaringizni yoki uyingizga olib borib esdalikka saqlab qo‘ying.
Hali Sarimboy bilan oldinma-ketin kirib kelgan bosh laborantga: «Siz gapiring» deganday imo qildi bosh vrach.
- Qon tahlilingiz ham, peshob tahlilingiz ham juda a’lo darajada. Uch-u qirq bir.
Shu payt Sarimboyning yelkasiga kaftini qo‘ydi vrach:
- Haqiqiy erkak, - u mamnun jilmaydi.
- Faqat, - dedi bosh laborant davom etarkan chaynalib: - faqat bir uzrli tarafi shunda-ki…
- Qanaqa uzrli tarafi, yana nima? – rangi dokadek oqarib, laborantning yuziga tikildi Sarimboy.
- Yo‘q-yo‘q, - dedi laborant, - siz qo‘rqmang, bundan olti oy muqaddam bahorda turmushga chiqqan Nashifa degan sanitar qizimiz karidorni yuvayotganida siz qo‘ygan idishni pol tayoq bilan turtib, bilmasdan to‘kib yuborgan. Boshliqdan gap eshitishdan qo‘rqib, keyin u yog‘i o‘zingizga ma’lum.
- Kecha yig‘ilish o‘tkazib, qat’iy ogohlantirish berdik, - dedi vrach. – Bu ishni yana takrorlasa, vazifasidan ozod qilishga qaror qildik.
- Boring! – dedi u laborantga: - Najifaning o‘zini olib keling, bu yerga. Kechirim so‘rasin bu kishidan.
- Kecha o‘zi bo‘lari bo‘ldi, - dedi bosh laborant. - Homilador ayolga hayajonlanish mumkin emas.
- Unday bo‘lsa qo‘yavaring, shart emas. Xo‘p, aka, - vrach Sarimboyga qo‘l cho‘zdi.
Sarimboy dispanser hovlisida xuddi hammomdan bo‘g‘riqib chiqqan odamday, ko‘ksini to‘ldirib, chuqur nafas oldi astoydil kerishdi va ildam odimlab ketdi.
O‘rinboy NORMATOV.