Lift uskunalarini ishlatishga ruxsat beruvchi tegishli hujjat olmay ko‘p qavatli uy qurgan xususiy tadbirkorlar ogohlantirildi

“Zarnews.uz” saytida e’lon qilingan «Lip» etib olib chiqadigan liftlarimiz qachon to‘laqonli ishlaydi?” sarlavhasi ostida chop etilgan maqola bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Maqolada ko‘tarilgan muammo boshqarmamizning og‘riqli nuqtasi. Shuning uchun maqoladagi barcha ma’lumotlarni tahririyatga o‘zimiz taqdim etganmiz. 

Maqsadimiz - Samarqand shahridagi eski liftlar, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilayotgan liftlar va ularning ahvoli haqida hamda sohadagi ahvol yaxshilanishi maqsadida ommaviy axborot vositalarida chiqish qilib, bu borada aholini xabardor qilish bo‘lgan. Shu bilan birga, maqolaning o‘zida viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Negmatov masala yuzasidan o‘z munosabati bildirgan. 

Maqolada Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasidagi 107, 175, 175 A, 175 B, 187, 97, 92 A, 78, 149, 21-B, Gagarin ko‘chasidagi 60 A, 60-B, 29, Narpay ko‘chasidagi 77, Turkiston ko‘chasidagi 169, Bedil ko‘chasidagi 18, Spitamen shohko‘chasidagi 158 ko‘p qavatli uylarda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgani, shunga qaramasdan, bu uylarning lift uskunalarida qator kamchilik va nosozlik bo‘lganligi sababli liftlar ishlamayotganligi ma’lum qilingan.

Lift uskunalari “Sanoatgeokontexnazorat” davlat qo‘mitasi tomonidan sertifikatlanishi va foydalanishga ruxsat beruvchi tegishli hujjatlar berilishi shart. Ushbu ko‘p qavatli uylar xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilgan hamda lift uskunalarini ishlatishga ruxsat beruvchi tegishli hujjatlar olinmagan. Bu holatlar bo‘yicha Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi bu uylarni qurgan, liftlarni o‘rnatgan tadbirkorlarni ogohlantirgan, hatto tegishli tashkilotlarga xat bilan murojaat qilgan.

Xullas, liftlar borasidagi muammolar o‘zimizniki, yechimi ham aniq. Kim hal qilishi ham, bunga javobgar bo‘lgan shaxslar ham aniq. Bu muammolar hal qilinganida yana o‘zimiz OAV orqali aholini xabardor qilamiz.

Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati.