«Lip» etib olib chiqadigan liftlarimiz qachon to‘laqonli ishlaydi?
Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan murojaatlarda uylaridagi liftlarning ishlamayotganligi xususidagi xabarlar ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, yangi qurilib foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uylarning ba’zilaridagi liftlar ham turli texnik nuqsonlar sababli ishlamayotganligi ta’kidlanmoqda.
Bugungi kunda shaharning Rudakiy ko‘chasidagi 107, 175, 175 A, 175 B, 187, 97, 92 A, 78, 149, 21 B, Gagarin ko‘chasidagi 60 A, 60 B, 29, Narpay ko‘chasidagi 77, Turkiston ko‘chasidagi 169, Bedil ko‘chasidagi 18, Yusuf Hamadoniy ko‘chasi 40 A, 40 B kabi ko‘p qavatli uy-joylarning qurilish-montaj ishlari yakunlanib, Davlat qabul komissiyasi hamda viloyat qurilishni nazorat qilish inspeksiya tomonidan foydalanishga qabul qilingan. Biroq bu uylar quruvchilar tomonidan foydalanishga topshirilganiga qaramasdan, 70 ta lift uskunalarida qator kamchilik va butlovchi qismlari yo‘qligi sababli ishlamayapti.
Ishlatila boshlaganiga endigina 2-3 yil bo‘lgan yangi ko‘p qavatli uylardagi liftlarning nosozligiga nima sabab bo‘lyapti? Yoki ularga berilgan texnik ekspluatatsiya sertifikatlari soxtami? Aholining liftlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi shirkatlar ustidan shikoyatlari ko‘pligining sababi nimada?
- Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, shuningdek, Prezident va viloyat hokimining virtual qabulxonalari orqali kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganishga harakat qilyapmiz, - deydi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Negmatov. - Samarqand shahrida 1979-1990 yillarda qurilgan 77 ta ko‘p qavatli uydagi 227 ta lift uskunasining foydalanish muddati o‘tib bo‘lganligi sababli 2017 yilda ularning 110-120 tasigina ishlayotgan edi. O‘tgan ikki yil ichida «Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi» mablag‘lari hisobidan 76 ta liftni yangilash maqsadida 14 milliard 464 million so‘m mablag‘ sarflandi. Shuningdek, Xitoy, Janubiy Koriya va Turkiya davlatlaridan 76 ta yangi lift uskunalari keltirib o‘rnatildi.
Boshqarma texnik mutaxassislari tomonidan shahardagi barcha ko‘p qavatli uylardagi liftlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, jami 140 ta lift joriy va mukammal ta’mirlandi. Jumladan, 52 ta liftning asosiy elektrodvigateli, 34 ta liftning eshikni ochib-yopish uskunalari, 20 tasining transformatori, 16 tasining troslari almashtirildi. Ko‘rilgan texnik choralar natijasida, 210 ta lift uskunasi to‘liq ishga tushirildi.
2019 yilda Qorasuv massivida qurilgan yangi ko‘p qavatli uy-joylarda 90 ta, 2020 yilda esa 40 ta yangi lift uskunalari o‘rnatilib, jami liftlar soni 357 taga yetdi. Ammo, 70 dan ortiq lift uskunasining tegishli texnik hujjatlari va sertifikatlari yo‘qligi sababli xavfsizlik nuqtai nazaridan foydalanishga qabul qilinmagan. Shuningdek, ma’nan eskirgan 155 ta liftni ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish maqsadida 29 milliard 450 million so‘m ajratish to‘g‘risida taklif berilgan.
Liftlarning texnik sozligi va inson hayoti uchun xavfsizligi ta’minlanishi kerak. Buning uchun ularni o‘rnatuvchi korxonalar litsenziyalangan bo‘lishi kerak. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat qo‘mitasi tomonidan lift uskunalarining sertifikatlanishi va tegishli hujjatlarni taqdim etilishi belgilangan.
- Uyimizning foydalanishga topshirilganiga ko‘p o‘tmasdan liftlarimizda turli nosozliklar boshlangan edi, - deydi Qorasuv massivida yashovchilardan biri. - Ba’zida ikki-uch kunlab ishlamay qoladi. Uyimizda keksalar, yosh bolalar, homiladorlar istiqomat qiladi. Ular yuqori qavatlarga chiqib tushishga qiynaladi. Murojaat qilaylik desak, haligacha uy-joy mulkdorlari shirkati tuzilmagan. Kimga shikoyat qilsak, «kuting, usta yuboramiz» deb va’da beradi. Bir necha bor Samarqand shahar hokimligiga va shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilgach, muammo bartaraf etildi. Ba’zida ko‘chadan usta yollashga majbur bo‘lamiz. Biroq bu juda xavfli. Chunki ular mutaxassis bo‘lmaganligi sababli biror joyini noto‘g‘ri qilib qo‘ysa, kuyib qolishi mumkin. Bu esa yana sarsongarchilikka olib keladi.
Liftlarga texnik xizmat ko‘rsatish litsenziyalangan xizmat turlaridan hisoblanadi. Negaki o‘rtada odamlarning xavfsizligi masalasi turibdi.
Boshqarma mutaxassislari tomonidan mazkur holatlar o‘rganilganda, shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘lar liftlarni o‘rnatgan korxonalarga o‘tkazib berilgan bo‘lsa-da, ular lift uskunalarini to‘liq o‘rnatmaganligi aniqlandi. Jumladan, Samarqand shahardagi o‘nlab ko‘p qavatli uy-joylarga «Sam Lift Montaj» MChJ, «Samarqand Euro Asia Lift» MChJ tomonidan lift uskunalari o‘rnatilgan bo‘lsa-da, ularda texnik nosozliklar uchrab turibdi. Mazkur korxonalar rahbarlari bir necha bor yozma va og‘zaki ogohlantirilishiga qaramasdan, uskunalardagi nosozliklar bartaraf etilmasdan qolmoqda.
Xullas, yangi qurilayotgan uy-joylarga mustahkam liftlar o‘rnatilmasa aholi qiynalishi turgan gap. Quruvchilarimiz zamonaviy qurilishning mana shu jihatiga alohida e’tibor qaratishmasa bo‘lmaydi. Lift uskunalarini esa maxsus sertifikat va mutaxassislarga ega korxona va tashkilotlar tomonidan o‘rnatilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Dilmurod To‘xtayev.