Kommunal xizmat tizimida qanday yangiliklar bor?

Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i Bahodir Negmatov sohani rivojlantirish borasidagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ta’kidlanishicha, viloyatdagi 1 952 ta ko‘p qavatli uy-joylarning 1833 tasiga 173 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari, «Ta’mirlash-tiklash xizmati» hamda “Yagona hisob-kitob markazi” davlat unitar korxonalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Hozirgacha ular tomonidan 748,2 ming kvadrat metr tom qismi, 1 352 ta uyning fasadi va 5 015 ta kirish yo‘laklari ta’mirlangan. 2 950 ta elektr shitlar, 404 ta bolalar maydonchalari qurilib, 220 ming kvadrat metr uy old qismidagi yo‘laklar tartibga keltirilgan.

- 2020-2021 yillarda kuz-qish mavsumiga barqaror tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mahalliy va tijorat bank kredit mablag‘lari hisobidan 129 ta ko‘p kvartirali uylarda ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi, - deydi B.Negmatov. - Samarqand shahrining turistik yo‘nalishidagi 26 ta ko‘p qavatli uylarda 8,4 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, viloyat shahar va tumanlarida 151 ta ko‘p qavatli uylarda jumladan, Nurobodda 48 ta, Oqdaryo va Payariqda 9 tadan, Paxtachida 6 ta va Samarqand tumanlarida 17 tadan ko‘p qavatli uylar mahalliy byudjet mablag‘lari hamda homiylar hisobidan ta’mirlanib,  hududlari obodonlashtirildi. Manzilli dastur asosida Samarkand shahri va tumanida, Tayloq hamda Bulung‘ur tumanlarida 21 ta bolalar o‘yingohlari qurildi.

“Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi” ajratgan mablag‘lar hisobidan ta’mirga muhtoj bo‘lgan 74 ta lift almashtirilib, foydalanishga topshirildi.

Matbuot anjumani ishtirokchilari “Yagona hisob-kitob markazi” davlat unitar korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishtirildi.  Mazkur unitar korxona tomonidan viloyatdagi 173 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va 57 mingdan ziyod mulkdorlarning ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. Joriy yildan boshlab “Obod uy” elektron tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, aholi barcha majburiy badal to‘lovlarini Raunet, Clik va Payme elektron tizimlari  orqali amalga oshirishlari mumkin. 

Ayni paytda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining 21,8 milliard so‘m debitor, 94,1 milliard so‘m kreditor va 14,1 milliard so‘m muammoli kredit qarzdorliklari mavjud.

Anjuman so‘nggida jurnalistlar o‘z savollariga mutaxassislar tomonidan javob olishdi.

Dilmurod To‘xtayev.