Kommunal xizmat: Tizim o‘zini qay darajada oqlayapti?

Yurtimizda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va uning viloyatlardagi boshqarmalari tashkil etilganiga uch yil bo‘ldi. O‘tgan vaqt davomida tizimda muayyan ishlar amalga oshirildi.

Boshqarmamiz tashkil etilganida tizimga so‘nggi 30 yil ichida o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, yillar davomida ta’mirlanmagan, tomidan chakka o‘tib, yerto‘lasi suvga to‘la bo‘lgan uylar meros bo‘lib qolgan edi.

Keyingi uch yilda viloyatimizdagi 946 ta ko‘p qavatli uy mukammal va joriy ta’mirlandi. 748,2 ming kvadrat metr uy-joyning tom qismi yangilandi, 1352 ta uy-joyning fasad qismi sozlandi, 807 ta uyning yerto‘la muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirlanib tartibga keltirildi. 5015 ta kirish yo‘laklari, 2950 ta elektr щitlari ta’mirlandi, 7580 ta deraza plastik romlarga almashtirildi, 28 ming pogonometr irrigatsiya tarmoqlari tartibga keltirildi, 404 ta yangi bolalar va sport maydonchalari qurildi. O‘tgan yili Samarqand shahridagi uylarga 74 ta yangi lift o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy yilda ham shuncha lift yangilanadi.

Samarqand shahridagi Sug‘diyona, Sartepa massivlari, Farhod, Kimyogarlar shaharchalaridagi ko‘p qavatli uylarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Barcha uylarning tomlari sifatli yopildi. O‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar olib tashlandi.

Ichimlik suvi ta’minotida ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Oldin soatbay suv bilan ta’minlangan Sug‘diyona hamda Kimyogarlar shaharchasidagi uylarga kecha-yu kunduz ichimlik suvi berilmoqda. Ko‘chalardagi elektr simyog‘ochlari yangisiga almashtirilib, zamonaviy yoritkichlar o‘rnatildi. Ko‘p qavatli uylarning ichimlik va oqova suv quvurlari zamonaviy plastik quvurlarga almashtirildi. 2545 ta uyning kirish yo‘laklariga mustahkam, kodlanadigan temir eshiklar o‘rnatilib, yo‘laklar beton qilindi. Farhod va Kimyogarlar shaharchasidagi oqova suv tizimi butunlay yangilandi.

Bugungi kunda tumanlardagi ko‘p qavatli uylarda ham oqova suv tarmoqlari qurilib, suv tozalash inshooti ishga tushirilmoqda. Shu paytgacha faqat Bulung‘ur tumanidagina oqova suv tizimi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirda Urgut, Narpay, Jomboy, Toyloq, Paxtachi tumanlari aholisi ham ana shunday tizimdan foydalanib kelmoqda.

2020 yilda viloyatimizda ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish maqsadida 218,5 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 383,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortish, 102 ta ichimlik suv inshooti qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. 42,5 kilometr oqova suv tarmoqlari va 3 ta tozalash inshooti quriladi. «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari asosida 100 kilometrdan ziyod ichimlik suv tarmoqlari, 28 ta ichimlik suv inshootlari qurib, ta’mirlash uchun 11,4 milliard so‘m ajratiladi.

Samarqand shahrida bunyodkorlik ishlari va obodonlashtirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Birgina suv ta’minoti va oqova suv tizimi ob’yektlarini ta’mirlashga 88,7 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Shaharda bittadan ichimlik suvi va oqova suv inshooti quriladi. Shuningdek, 1,5 kilometr ichimlik suvi, 13,5 kilometr oqova tarmog‘i tortish ishlari olib boriladi. 8 ta toza suv qudug‘i rekonstruksiya qilinib, 11 ta suv minorasi ta’mirlanadi. 23,7 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilib, 17 ta suv nasosi o‘rnatiladi. Shuning­dek, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan Qo‘shrabot tumanidagi 77 ta qishloq aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Kattaqo‘rg‘on shahrining suvoqova tizimi tubdan ta’mirlanadi.

Bu yil amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratar ekanmiz, oldimizda shahardagi ko‘p qavatli uylarni isitish va issiq suv bilan ta’minlash muammosi turganligini ko‘ramiz. Bu tizim ham uzoq yillar davomida izdan chiqqan. Joriy yildan tizimni yo‘lga qo‘yish, isitish va issiq suv bilan ta’minlashning zamonaviy usullarini joriy qilish ishlari boshlandi. Finlyandiya texnologiyasi asosida uylarni isitish va issiq suv yetkazib berish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Bu yil aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida katta ishlarni amalga oshiramiz. Samarqand shahri kecha-yu kunduz toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Tumanlarda ta’mirga muhtoj ko‘p qavatli uylar hali ko‘p, ularda yaxshi turmush kechirish uchun zarur sharoitlarni yaratish ham asosiy yumushlarimizdan bo‘ladi.

Bugun yurtimiz boshiga tashvish tushib, shahar va qishloqlar aholisi karantinda qolayotgan xavotirli kunlarda xonadonlarda ortiqcha muammolar bo‘lmasligi, uylarda ichimlik suvi uzilmasligi, oqova suvlari to‘xtab qolmasligi, ko‘chalarimiz toza va ozoda bo‘lishi uchun ishchilarimiz kecha-yu kunduz ishlamoqda. Bo‘limlarimizda har qanday nosozlik holatlarini bartaraf eta oladigan ta’mirlash guruhlari tuzilgan va ular tun-u kun navbat bilan hushyor turib, mehnat qilmoqda. Barcha ishlarning tez va sifatli bajarilishi nazoratga olingan.

Rustam SATTOROV,

Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i.