«Endi kommunal xizmatlar uchun maoshingizdan ushlab qolishga yo‘l qo‘yilmaydi»
Bu haqda 11 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida tabiiy gaz bo‘yicha debitor qarzdorlikni kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.
«Shu vaqtgacha korxona-tashkilotlar xodimlarining maoshidan kommunal xizmatlar uchun oyma-oy mablag‘ ushlab qolingan. O‘sha iste’molchi haqiqatan ham qarzdormi, yo‘qmi, bu birovni qiziqtirmagan. Buni yemagan somsaga pul to‘lash, deyish mumkin. Endi bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor, albatta. Ko‘plab hududlarda aholining kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasligi oqibatida juda katta qarzdorlik kelib chiqmoqda. Iste’molchi esa o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmayapti.
Shuning uchun tezroq elektron hisoblagichlarga o‘tishimiz kerak. Aytaylik, 2019 yilda 2,5 millionta mana shunday zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 4,5 millionta hisoblagichlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilyapti. Endi iste’molchi xuddi uyali aloqa uchun oldindan to‘lov qilgani kabi tabiiy gaz yoki elektr energiyasiga ham shunday to‘lov qilsin. Shundagina ikki tomonda ham bugungidek sarsongarchilik holatlari kuzatilmaydi», - dedi bosh vazir.