Mahalla xodimlariga ustamalar nega to‘lanmayapti?

Joriy yilning 15 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi PF-5938-son farmoni ijrosi ta’minlanmoqdami? Yoxud mahalla xodimlariga ustamalar nega to‘lanmayapti?” nomli xabarga asosan Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi.

Shu yilning birinchi yarim yilligi davomida viloyat adliya boshqarmasi hamda tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan viloyatdagi mavjud 16 ta tuman (shahar)larda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5938-son farmoni ijrosi yuzasidan monitoring o‘tkazilgan.

Monitoring natijasida tuman (shahar)lardagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustamalar - jami 4 milliard 71 million so‘mga yaqin pul mablag‘lari to‘lab berilmaganligi aniqlanib, ushbu mablag‘larni undirish maqsadida 15 ta taqdimnomalar va sudlarga 65 ta arizalar kiritilgan.

Taqdimnomalarga asosan, Urgut tumani hokimligi tomonidan 600 070 949 so‘m, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tomonidan 94 703 439 so‘m va Nurobod tumani hokimligi tomonidan 31 200 000 so‘m fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustama pullari to‘lab berilgan. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi tomonidan FIB Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga kiritilgan 65 ta 73 239 348 so‘mlik arizalar qanoatlantirilib, sudning 2021 yil 19 avgustdagi buyruqlariga asosan 73 239 348 so‘m fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustamalar undirish belgilangan.

Samarqand shahar, Past Darg‘om, Paxtachi, Ishtixon, Narpay, Oqdaryo, Bulung‘ur, Samarqand, Qo‘shrabot, Toyloq va Payariq tumanlari hokimliklari tomonidan maxsus ustamalarni to‘lab berish uchun mablag‘ ajratish masalasini xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. 

Shu bilan birga, viloyat adliya boshqarmasi ijtimoiy tarmoq faollari, fuqarolar, shuningdek, blogerlardan adliya organlari faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xabarlarni o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirishdan oldin tegishli hujjatlar va ma’lumotlarni adliya organlaridan hech qanday istisnosiz olishlari mumkinligi ma’lum qilinadi.