Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha Samarqand tajribasi bo‘ladi
Viloyat hokimligida davlatimiz rahbarining shu yil 3 yanvarda qabul qilingan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Bosh vazir o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat, tuman va shahar sektor boshliqlari, Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari mutasaddilari, Milliy gvardiya, huquq-tartibot organlari va harbiy tashkilotlar rahbarlari hamda “mahalla yettiligi” vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda qaror ijrosini ta’minlashda viloyatimizga mas’ul bo‘lgan Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan ushbu haftada tuman va shaharlarda olib borilgan o‘rganish ishlari natijalari, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlandiki, qaror talablaridan kelib chiqib, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha har bir tuman va shaharda bajariladigan ishlar aniqlanib, viloyatda mavjud 1126 ta mahallaga oid yo‘l xaritalari tasdiqlangan. “Qizil” toifaga tushgan 156 mahallaga mas’ul sektor rahbarlari biriktirilgan.
Viloyatimiz mahallalarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda yangicha yondashuvlar asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi yaratiladi. Masalan, Urgut tumanida “Xavfsiz va raqamli mahalla”, Toyloq va Past Darg‘om tumanlarida “Namunali xavfsiz ko‘cha”, Bulung‘ur tumanida “Xavfsiz bozor”, Samarqand shahrida “Xavfsiz bekat”, Oqdaryo tumanida “Xotin-qizlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish” bo‘yicha namunali tizimlar yo‘lga qo‘yiladi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan profilaktika kichik inspektorlari, migratsion profilaktika bo‘linmalari, ma’muriy amaliyot guruhlari va profilaktika bosh inspektorlari lavozimlarini joriy qilish hamda tegishli shtat birliklarini shakllantirish vazifasi topshirildi. Bu jarayondagi ishni tashkil etishda Samarqand shahridagi Bog‘isaroy mahallasida ishga tushirilgan “Huquq-tartibot maskani” namunasidan foydalanish belgilandi.
Yig‘ilishda sektor rahbarlari va boshqa mas’ullarning axborotlari eshitildi. Hududlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.