Maktab direktori ish taklif qilib, o‘zi ishsiz qoldi
Xatirchi tumanidagi maktablarning birida o‘qituvchi sifatida faoliyat yurituvchi A.K. tuman IIBga ariza orqali murojaat etdi.
Arizada tumandagi maktablarning birida direktor lavozimida ishlovchi O.U. xizmat mavqeidan foydalib, A.K.ning turmush o‘rtog‘i A.F.ni o‘zi faoliyat olib borayotgan maktabga kadr-menejment vazifasiga ishga joylashtirishni va’da qilib, evaziga undan 1200000 so‘m pul talab qilgani bayon etilgan edi.
Ushbu ariza yuzasidan Navoiy viloyati IIB JQB tomonidan tegishli idoralarning xodimlari bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazildi. Maxsus tadbir chog‘ida O.U. o‘zining ishxonasida A.K.dan 1200000 so‘m pullarni pora tariqasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Postda.uz nashrining xabar berishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan O.U.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ko‘zini hirs pardasi qoplagan, ustoz deya atalmish ulug‘ nomga dog‘ tushirayotgan bunday kimsalarning jamiyatda uchrab turgani kishini afsuslantiradi.