Maktab direktori nega deputatlar tomonidan tanlanyapti?

Maktab direktori ilgari qanday tayinlanardi? Keling, gapni shundan boshlasak.

Quyida qayd etiladigan tartib joriy etilgunga qadar maktablarda kuzatuv kengashi faoliyat olib borgan bo‘lib, ko‘pincha unga mahallada yashovchi kishilar a’zo qilib qo‘yilardi. Shuning uchun ham maktab direktorining nomzodi kengash raisi, a’zolarining qarindoshi yoki yaqin do‘sti tomonidan tasdiqlanardi. Tasdiqlangan nomzod tuman xalq ta’limiga tavsiya qilinardi.

O‘z navbatida nomzodni tuman xalq ta’limi bo‘limi viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga tavsiya etardi. Qisqasi, direktor tayinlash masalasida mukammal tizim joriy etilmagan edi. Xo‘sh, endi-chi?

Jarayon shaffof bo‘ladi

Qo‘ldosh Saidov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari:

- Ilgari maktab direktorini tayinlash masalasida shaffoflikka to‘liq amal qilinmas edi. Shuning uchun ham eski tartibdan voz kechishga qaror qilindi. Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida maktab direktorini lavozimga tayinlashning yangicha tartibi belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab umumta’lim muassasalari direktorlari tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlanadigan bo‘ldi. Bunda dastlab tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan vakant direktorlik lavozimi vazirlikning ish.uzedu.uz saytida, davriy nashrlarda e’lon qilinadi.

Nomzodlar vazirlikning ushbu sayti orqali tanlovda ishtirok etish haqida ariza beradi. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan direktorlikka talabgorlarning malaka talablariga mosligi o‘rganiladi. So‘ngra nomzodlar viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga tavsiya etiladi. Asosiy jarayon shundan keyin boshlanadi. Umumta’lim muassasasining bo‘sh direktor lavozimi uchun hududiy xalq ta’limi boshqarmasi kiritgan nomzodlar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlovdan o‘tkaziladi.

Nomzodlar tanlovda tegishli umumta’lim muassasasi ko‘rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha o‘z dasturi bilan ishtirok etadi. Deputatlar tomonidan eng yaxshi 3 yillik dastur egasi tanlab olinadi va lavozimga tayinlash uchun viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga tavsiya etiladi. Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlab olingan nomzod hududiy xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan 3 ish kunida umumta’lim muassasasi direktori lavozimiga rasmiy buyruq bilan tayinlanadi.

Ammo bu hali hammasi emas, shaffoflik asosida tayinlangan maktab direktori yil yakunida (yoki Kengash belgilagan muddatda) xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga 3 yillik dasturi bo‘yicha bajargan ishlari yuzasidan hisobot beradi.

Bugungi kunga qadar ushbu tartib bo‘yicha Qo‘shrabot tumanida 8 ta, Oqdaryo tumanida 2 ta, Jomboy tumanida 2 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 2 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabiga direktor tayinlandi.

Aslida shaffoflik degani shu. Nomzod dasturi bilan o‘zini ko‘rsata olsa, haqiqatda rahbarlikka munosib bo‘lsa, deputatlar o‘sha nomzodni tanlayapti. Faqat bu jarayon bosqichma-bosqich bo‘lgani bois tayinlash sust ketyapti. Agar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining sessiyasi o‘tib ketgan bo‘lsa, ushbu masala keyingi sessiyaga qoldirilyapti. Shuning uchun bo‘sh direktorlik joyi haqida 3 kun ichida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi e’lon berishi kerak. Shunda tizimli jarayon tezlashadi va ta’lim muassasalariga yangi tartibda belgilangan talablar asosida shaffoflik tamoyiliga binoan munosib nomzodlar o‘z vaqtida tayinlanadi.

Deputatlar nomzodni rad etdi Shuhrat Tog‘ayev, Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri:

- Yangi tartib asosida direktorlar tayinlanishi ayni muddao bo‘ldi. Yaqinda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 6- va 15-umumiy o‘rta ta’lim maktablariga deputatlar tanlovi asosida direktorlar tayinlandi. Direktorlikka nomzodlarga malaka talablari qo‘yilgan. Masalan, nomzod kamida bakalavr ta’lim yo‘nalishida oliy ma’lumotga, rahbar yoki o‘rinbosar vazifasida 3 yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi kerak. 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 5 nafar nomzod ariza bergan bo‘lib, ular ichida 2 nafari rahbarlik lavozimlarida 3 yillik mehnat stajiga ega bo‘lmagani uchun tavsiya etilmadi. Qolgan 3 nafar nomzod ichidan munosib deb topilgani deputatlar tomonidan tanlandi. 

Shavkat Qo‘shboqov, Qo‘shrabot tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri:

- Fevral oyida 8 ta maktabga vakant joylar uchun direktorlar yangi tartibda tayinlandi. Faqat tumandagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qo‘yilgan 3 nafar nomzoddan birortasi ham deputatlar tomonidan tasdiqlanmadi. Sababi, ular sessiyada o‘zlarining 3 yillik dasturi bilan deputatlar ishonchini qozonmadi. Deputatlarning savollariga yetarlicha javob berolmadi. Yangi tartibning shunisi afzalki, bunda hech kim tanish-bilishchilik qila olmaydi. Munosibi topilmasa, qo‘yilmaydi. Ushbu masala keyingi sessiyaga qoldirildi.  

Zamira Isanova, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati:

- Maktab direktorligiga nomzodlar tuman (shahar) Kengashining navbatdagi sessiyasida o‘zining 3 yillik dasturi bilan qatnashadi. Sessiyada har bir nomzodga 20 minutdan vaqt beriladi. Nomzod shu vaqt ichida deputatlarga maktabda ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga qamrovini kengaytirish, innovatsion usullar asosida dars o‘tishni yo‘lga qo‘yish kabi rejalashtirgan ishlari haqida hisobot beradi. Yaqinda Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyada ham deputatlar ikkita maktabga direktorlik uchun ariza bergan nomzodlarga ovoz berdi. Bunda eng yaxshi 3 yillik dastur tuzgan nomzodlar direktorlikka loyiq deb topildi.

Zimmamizga mas’uliyat oldik Manzura Abdurahimova, Oqdaryo tumani 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori:

- Tumandagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabi «qizil» toifaga kiritilgan maktablardan biri bo‘lib, 2 yildan beri o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmagan ekan. Deputatlar nomzodlar ichidan meni direktorlikka loyiq ko‘rishdi. 2017 yildan buyon tumandagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlaganman, 21 yillik mehnat stajiga egaman. Men uchun yangi bo‘lgan jamoada o‘qituvchilarning tajriba va salohiyati yaxshi. Faqat ota-onalar farzandlarini ko‘proq uy yumushlariga jalb qilar ekan. Men ota-onalar bilan gaplashib, farzandining kelajagiga befarq bo‘lmaslikka chaqirdim. Nasib bo‘lsa, bu yil maktabni «qizil» toifadan chiqaramiz.

Muzaffar Oqbo‘tayev, Qo‘shrabot tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori:

- Internet orqali e’londan xabardor bo‘lgach, ish.uzedu.uz saytiga hujjatlarimni taqdim qildim. Bungacha Jizzat politexnika institutining kimyo-texnologiya fakultetida o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Xalq deputatlari tuman Kengashining 2021 yil 23 fevral kuni bo‘lib o‘tgan sessiyada deputatlar tomonidan 3 yillik dasturim ma’qullandi. Dasturimda maktabning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish kabi bosqichma-bosqich reja ishlab chiqilgan. Bugun ushbu rejalarim asosida ishni boshladim. Dastlab homiylar topib, eng yaxshi o‘qigan yuqori sinf o‘quvchilariga stipendiya joriy qildim. Hozircha ona tili, matematika, biologiya, kimyo fanlaridan 4 nafar o‘quvchiga 50 mingdan 100 ming so‘mgacha stipendiya tayinladim. Keyingi oydan ingliz tili fani bo‘yicha ham yana 3 nafar o‘quvchiga stipendiya tayinlashni rejalashtiryapmiz. Ushbu ta’lim dargohi «qizil» toifadagi maktablar qatorida, ya’ni bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi achinarli ahvolda. Shuning uchun ham maktabimizga TATU Samarqand filiali professor-o‘qituvchilari biriktirilgan. Ular ko‘magida ham yangi rejalar ishlab chiqyapmiz.

Demak, maktab direktorlarining yangi tartib asosida tayinlanishi xalq ta’limi tizimida tanish-bilishchilik, korrupsiya kabi illatlarga barham beradi, degan umiddamiz.

Xurshida Ernazarova,

«Zarafshon» muxbiri.