Maktabda kompyuter bor. Ammo internet uchun yetarli mablag‘ ajratilmagan. Nega?

Ilgari elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar sabab umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi kompyuterlardan yetarlicha foydalanilmayotganini ko‘p yozardik. Endi esa, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarga barham berilgan bo‘lsa-da, haliyam maktablardagi kompyuter sinflari imkoniyatlaridan unumli foydalanimaslik holati davom etyapti.

- Internetni ishlatish uchun har oyda 60 ming so‘m to‘lab dars o‘tyapman, - deydi informatika fani o‘qituvchilaridan biri. – Bunday to‘lovga har doim ham imkoniyatim bo‘lavermaydi. Ammo har bir maktab uchun viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan yillik smeta asosida mablag‘ ajratilishi kerak. Bu pullar qaysi operatorga to‘lanyapti, kim ijroga mas’ul, degan savollarimizga javob beradigan mas’ul yo‘q. Internet bo‘lmagach, kompyuter darslarini qanday o‘tkazayotganimizni o‘zingiz tasavvur qilavering.

Xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, maktablardagi o‘qituvchilarning internetdan foydalanishlariga ma’lum miqdorda pul ajratiladi. Joriy yilda viloyatdagi maktablarda internetdan foydalanish uchun 150 million so‘m ajratilishi belgilanibdi. Lekin yilning birinchi choragi yakunlanyaptiki, bu mablag‘ maktablarga yetib borgan emas. Ushbu summa viloyatdagi 1200 ta maktabga bo‘linsa 125 ming so‘mdan to‘g‘ri kelar ekan. Yuqorida informatika fani o‘qituvchisi aytganidek, oyiga 60 ming so‘mdan sarflaganda ham bu pul ikki oyga yetadi. O‘quv yilining qolgan davrida o‘qituvchilar bu tizimdan qanday va nimaning hisobiga foydalanishi to‘g‘risida na boshqarma, na xalq ta’limi muassasalari mutasaddilarida javob bor.

Maktablardagi kompyuter sinflarida o‘quvchilarning internetdan foylanmasligi oqibatida o‘quvchilar qo‘l telefonlari orqali kerakli ma’lumot olish o‘rniga har xil fisqu fujurlarni tomosha qilayotgani boshqa masala. Ammo o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan attestatsiya jarayonlarida pedagoglarning o‘z fanlariga oid oddiy ma’lumotlarni, hatto muallimlar uchun zarur uslubiy manbaa bo‘lgan Ziyonet tarmog‘idan foydalanishni bilmasligi ayon bo‘lib qolyapti.

Bugungi globallashuv va axborot asrida pedagogning zamonaviy texnologiyalarni bilmasligi albatta, achinarli? Bu holatda o‘qituvchilarning malakasi, dunyoqarashi zamon talabiga javob berishi haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi.

Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan o‘qituvchini matbuot nashrlariga obuna bo‘lishga majburlash yo‘q, deya bong urildi. Bugunga kelib o‘qituvchilarning aksariyati o‘z hisobidan pul to‘lab internet tarmoqlaridan foydalanishga majbur bo‘layotganligini endi kim izohlaydi? Mamlakat taraqqiyotida o‘zini mas’ul deb bilgan o‘qituvchilar o‘z fanining o‘rni, bugungi ahvoli va kelajakdagi ishlar ko‘lamini bilish, jamiyatdagi siyosiy-iqtisodiy jarayonlarni o‘quvchilarga yetkazish, mohiyatini tushuntirish uchun ham internetga oyligidan mablag‘ sarflayotgani haqiqat-ku...

Abdug‘ofur ShERXOLOV.