Maktablar yaqinida gazli ichimliklar va fastfud sotish taqiqlanishi mumkin
O‘zbekistondagi maktablar atrofida shakarli, gazlangan va energetik ichimliklar, shuningdek, tez tayyorlangan taomlar savdosi taqiqlanishi kutilmoqda.
Bu haqda "2022—2026 yillarda O‘zbekistonda o‘smirlar salomatligi va farovonligini mustahkamlash bo‘yicha Milliy Harakatlar Strategiyasi va uni amalga oshirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida qayd etilgan.
Mazkur dastur barcha o‘smirlarning salomatlik va farovonlik borasida o‘zlarining qonunda belgilangan ajralmas huquqlaridan hech qanday to‘siqlarsiz bahramand bo‘lishi maqsadida ishlab chiqilgan.
Ovqatlanish va jismoniy faoliyat, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish va xavfli xatti-harakatlar kabi yo‘nalishlar balog‘at yoshidagilarning salomatligiga juda jiddiy ta’sir qiladi. O‘zbekistondagi o‘smirlarning salomatlik holatiga oid so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ularda barcha sabablardan o‘lim darajasi 100 000 kishiga 47,2 ni tashkil etadi.
Masalan, 2017 yilda o‘tkazilgan ovqatlanish bo‘yicha tadqiqotlarga ko‘ra, 5—19 yoshdagi bolalar va o‘smirlar orasida ortiqcha vaznning paydo bo‘lishi o‘g‘il bolalar o‘rtasida 8,4 foizdan 16,3 foizga, qizlar o‘rtasida 11 foizdan 17 foizga, semizlik esa o‘g‘il bolalarda 2 foizdan 5 foizgacha va qizlarda 1 foizdan 3 foizgacha o‘sdi. Qizlar o‘rtasida noto‘g‘ri ovqatlanish va mikroelementlarning yetishmasligi esa, kelajakdagi homiladorlikning og‘ir asoratlariga sabab bo‘ladi.