Maqsad - xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamkorligida “Xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish maqsadida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Samarqand shahridagi 21-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan seminarda tayanch maktablar direktorlari, aniq va tabiiy fanlar o‘qituvchilari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi metodistlari ishtirok etdi.

Seminarda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ta’lim sifati monitoringi bo‘limi boshlig‘i Jo‘rabek Eshmurodov, viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining aniq va tabiiy fanlar metodikasi kafedrasi o‘qituvchisi Aziza Qudratova xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun har bir tayanch maktablarda amalga oshiriladigan vazifalar, o‘qituvchi va fan metodistlarining bu boradagi muhim vazifalarini tushuntirib, tavsiyalar berdi.

Seminar amaliy jarayonlar bilan davom etdi. Bevosita dars jarayonlari orqali trenir-o‘qituvchilar umumta’lim maktablarining fan o‘qituvchilari uchun mahorat darslari o‘tdi. Seminar pedagoglarning bahs va munozaralari, o‘zaro fikr, malaka va tajriba almashishlari bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.